Samarqand viloyatida 19 yoshli qiz korxonada ish vaqtida zo‘rlandi, deya xabar berilmoqda Zamon dasturida.

Ma’lumotga ko‘ra, 19 yoshli qiz Samarqanddagi tekstil korxonalaridan birida ishlagan. Oilada faqat onasi ikkovi pul topadi, otasi va ukasi hech qayerda ishlamaydi. «Oilaviy sharoitimiz og‘irroq. Oilamizga moddiy yordam bo‘lsin, deb ishlamoqchi edim», — deydi u.

23 may kuni qiz korxonada tungi navbatchilikda qolgan. Soat kechki 10 dan o‘tib, 11 larga yaqin uning oldiga usta kirib kelib, undan koridorga chiqishini so‘ragan.

«Chiqmasang bo‘lmaydi, qo‘ymayapti. Oyoq-qo‘limni bog‘lab, mashinada olib ketishdi. Binoning yonboshida qurilishi bitmagan 9 qavatli bino bor ekan. Shu uyning oldida bir-ikki odam bor edi. Baqirolmas edim, og‘zimni bog‘lab qo‘ygan edi. Holat mashinada bo‘ldi», — degan qiz.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 28 yoshli A.F. ga nisbatan JKning 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan sirtdan qamoqka olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda yosh kelinchakning olti erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq kelinchakning yolg‘on ko‘rsatma bergani ma’lum bo‘ldi.