Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi binolarga tushirilgan mozaika pannolarni saqlab qolish hamda ularni qayta ta’mirlashga chaqirdi.

«„Premier Hall“ kinoteatri binosini restavratsiya qilish vaqtida rassom Alfred Mazitovning „Kokilli qiz“ nomli ajoyib pannosiga duch kelindi. Shahrimizning yorqin, o‘ziga xos jihatlaridan biri, iste’dodli va taniqli rassomlar tomonidan turli davrlarda yaratilgan mozaika pannolardir. Toshkentning monumental san’at yodgorliklari shahrimizni modernizm poytaxti deb atashga asos bo‘la oladi. Aynan ushbu yodgorliklar Toshkentga betakror shahar qiyofasini baxsh etadigan ajoyib bir ramzdir», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Grace arxitektura byurosi monumental san’atni saqlab qolish va modernistik arxitekturani zamonaviy megapolis bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

«Biz mozaika pannolar tushirilgan noyob binolar egalarini ushbu san’at asarlarini saqlab qolish va ta’mirlashga chaqirib qolamiz. Tarixiy merosni asrab-avaylash kelajak avlod oldidagi burchimizdir. Toki g‘animat umrni beparvo o‘tkazganlikda aybdor bo‘lib qolmaylik. Keling, bu bebaho merosni ular uchun asrab qolaylik!», — dedi u.


Nikita Makarenkoning ma’lum qilishicha, bino egasi — Kinematografiya agentligi hisoblanadi. Tashkilot direktori Firdavs Abduholiqov mazkur panno saqlab qolinib, restavratsiya ishlari amalga oshirilishini qayd etgan.

«Hech kim bu ajoyib mozaikani yo‘q qilishga jazm etmasdi! Hozir panno kinoteatrning rejalashtirilgan dizaynini butunlay o‘zgartirishni taqozo etmoqda. Endi kinoteatrning nomi ham mazkur ajoyib san’at asari bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz», — degan Abduholikov.

Kinematografiya agentligi rahbari shuningdek, poytaxtliklardan kinoteatrga yangi nom qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirishlarini ham so‘ragan.

Agentlik pannoni saqlab qolish uchun binoning dizayni va loyihasini o‘zgartirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplashga tayyor. Uning restavratsiyasi allaqachon, Rassomchilar uyushmasi raisi Akmal Nur bilan ham muhokama qilingan.