15 iyun kuni Toshkentda ikki nafar Janubiy Koreya fuqarosi o‘rtasida yuzaga kelgan janjal natijasida ulardan biri vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa soat taxminan 04:00 larda poytaxtning Chilonzor tumani Do‘mbrobod 4-tor ko‘chasida joylashgan uylarning birida sodir bo‘lgan. 44 yoshli Koreya Respublikasi fuqarosi K. D. mast holatda 40 yoshli yurtdoshi K.J., bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida o‘tkir tig‘li jismni J.Kimga qarata otib, tan jarohat yetkazgan. Natijada K.J. tan jarohatlari bilan RSHTYOIMga olib borilgan.

Mazkur xolat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan K. D.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksning 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

16 iyun kuni jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Shu kuni D.K.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «D» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi bo‘lgan janubiy koreyalik o‘ldirilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.


Kim Jin Young (김진영) 15 iyun kuni tanishi, hamkasbi va vatandoshi tomonidan pichoqlangani, jabrlanuvchi kasalxonada 6 soat davomida operatsiya qilingani, biroq 16 iyun kuni vafot etgani xabar qilindi.

Xabarda O‘zbekistonda bir oy muqaddam tashrif buyurgan gumonlanuvchining jinoyat sodir etgan joydan qochib ketgani, ammo yaqin atrofda IIO xodimlari tomonidan qo‘lga olingani qayd etilgan.