Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 21 iyun kuni o‘tkazilgan brifingdan so‘ng, jurnalistlar tomonidan 24 oktyabrda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezident saylovi masalasidagi savolga ham javob berdi.

Amerika Ovozi jurnalisti Navbahor Imamova O‘zbekistonda saylov jarayoni qachon boshlanishi, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka yana o‘z nomzodini qo‘yadimi va u prezident saylovi borasida o‘z qarorini qachon e’lon qiladi, deya savol bilan murojaat qildi.

Davlat rahbarining rasmiy vakili esa saylovga tayyorgarlik jarayoni allaqachon boshlanganini aytdi. Shuningdek, O‘zbekiston YeXHTning Demokratik institutlarining inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasini bir necha bor qabul qilgani, saylovni jahon standartlari, xususan YeHHT stardartlari bo‘yicha olib borishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini qayd etdi.

«Demak, saylovoldi jarayonini start berilishiga uncha ko‘p vaqt ham qolmadi, bu — iyul oxiri va nomzodlar kim, qachon o‘z nomzodini ilgari surishini [bilish uchun], biz albatta mana shu muddatgacha kutishimiz kerak. Birinchi navbatda, bu har bitta nomzodni, har bitta fuqaroni o‘zini konstitutsiyaviy huquqi», — dedi u.

Shuningdek, prezident matbuot kotibi, saylov jarayonini yoritishda OAVlar o‘rni muhimligini ta’kidladi. «OAVlariga keladigan bo‘lsak, ularni albatta o‘rinlari ushbu saylovoldi jarayonini yoritishda juda muhim bo‘ladi va biz eng avvalo hamma OAVlarni, O‘zbekistonda akkreditatsiya o‘tgan chet ellik OAVlardan ham bitta narsani obyektivlik, holisonalikni kutib qolamiz», — dedi prezident matbuot kotibi.

Shu bilan birga, barcha chet ellik jurnalistlar uchun albatta standartlarga va talablarga muvofiq umume’tirof etilgan akkreditatsiya tartiblari ishlab chiqilishini qayd etdi. «Mana shu akkreditatsiyadan o‘tgan barcha chet ellik OAVlari O‘zbekistonda saylov oldi jarayonini bemalol yoritishi mumkin», — deya yakunladi Asadov.

Iyun oyi boshida «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov partiya prezidentlikka o‘z nomzodini iyun oyida e’lon qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. «Milliy tiklanish» vakili «Gazeta.uz»ga partiyaning nomzodi e’lon qilinadigan qurultoy 24 iyundan keyin o‘tkazilishi kutilayotganini tasdiqladi.

Saylov kodeksiga binoan siyosiy partiya saylov kampaniyasi e’lon qilinadigan kungacha to‘rt oydan kechiktirmagan muddatda o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin (bunda partiya Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak). Saylov kampaniyasining o‘zi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan prezident vakolatlari tugashidan kamida uch oy oldin OAVda e’lon qilinadi.