Aqlvoy bolalar telekanalida efirga uzatilgan «Shahrizoda. Aytilmagan hikoyalar» va «Art-Odisseya» multseriallaridagi ikki sahna ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarni keltirib chiqardi.

UnchaMuncha telegram kanali (158 ming obunachisi bor) «Art-Odisseya» multfilmidagi Renessans davriga mansub mashhur italyan rassomi Sandro Bottichellining «Veneraning tug‘ilishi» kartinasi tarixi hikoya qilingan epizodni e’lon qildi. Izohda shunday deyiladi:

«Bolalar uchun ochilgan AQLVOY telekanalida navbatdagi „shedevr“ multfilm namoyish etildi. Bularni nazorat qiladigan tashkilot bormi o‘zi?»

Boshqa bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi shunday deb yozdi: «Kanal ijodkorlari, sizlarda aql bormi o‘zi? Nimani targ‘ib qilyapsizlar? Judayam asabni buzdilaring! Ey beyuz, aqlsiz, befarosatlar! Xohlasalaring, uyingda farzandlaringa qo‘yib berlaring bunaqa narsalarni. Butun millat farzandlarining tarbiyasini buzmasdan… Qaysi aql bilan buni ekranga chiqarishgan, javob berishsin?»

Jamoatchilikning munosabati xilma xil bo‘ldi. Xonanda Lola Yo‘ldoshevaning aytishicha, yosh tomoshabinlarning aksariyati, ehtimol, italiyalik rassom Sandro Bottichelli asarlari haqida eshitmagan yoki bilmaydi.

«Shuning uchun ushbu kanal boshqa ta’lim dasturlari qatori bolalarga shunchaki bunday tarkibni taqdim etishi shart. Oldinga qancha qadam tashlamaylik, menga ikki baravar ko‘proq ortga chekinayotganimizga tobora amin bo‘lib bormoqdaman. Bu juda achinarli. Bu juda qayg‘uli. Va shuning uchun ham ko‘plab odamlarda nimadir qilish istagi yo‘qoladi. Men ulardan biriman», — dedi u.

Noroziliklarni keltirib chiqargan ikkinchi epizodda «Shahrizoda. Aytilmagan hikoyalar» multserialida malika Jinan Olovuddinni o‘padi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sababli Aqlvoy telekanali o‘zining Telegram-kanalida izoh berdi.

«Afsus bilan shuni tan olamizki, bolalarda yangilikka intilish, ularni jahon madaniy merosi bilan tanishtirish, atrof-muhitni o‘rganishga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan kontent tanlanganiga qaramay, uning ichida kichik yoshdagi bolalar uchun noma’qul bo‘lgan sahnalar inson omili sabab efirga uzatilgan», — deyiladi xabarda.

Telekanalning qayd etishicha, Aqlvoy 22 martidan boshlab test rejimida efirga uzatib borilmoqda.

«Tom ma’noda kanalimiz endi oyoqqa turmoqda. Yo‘l qo‘yilgan xatolar, albatta, kanalimizning kelgusida ehtiyotkorlikka amal qilishiga, uning yanada yaxshilanishi, qiziqarli va foydali bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Ushbu yo‘l qo‘yilgan xato bo‘yicha butun kanal ijdodkorlari kerakli tanbehni oldi. Ular yana bir bor O‘zbekiston Respublikasining"Bolalarni ularning sog‘ligiga ziyon yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish» to‘g‘risidagi qonun talablari bilan tanishtirib chiqildi va ushbu qonun buzilish holatlarida intizomiy jazo qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi", — deya ma’lum qildi telekanal.

Kontent nazorati kuchaytirilishi uchun qo‘shimcha xodim ishga olinadi.

Kelajakda yuqoridagi kabi xatolarga yo‘l qo‘yilmaslik uchun dublyaj bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar bilan qo‘shimcha kelishuvlar amalga oshirildi. Endi ularga ma’naviyatga zid bo‘lgan lavhalar haqida ma’lumot berib turish majburiyati topshiriladi.

Aqlvoy bolalar ma’rifiy-ko‘ngilochar telekanali uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Aqlvoy Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarning multseriallari va dasturlarini efirga uzatadi.