Ijtimoiy tarmoqlarda Spark avtomashinasi haydovchisi YPX xodimini avtomobil kapotida sudrab ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIV YHXBB axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 19 iyun kuni soat 19:30 larda Andijon viloyati, Andijon shahar, Bobur shoh ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Spark rusumli avtomobil haydovchisi YPX xodimi B.Komiljonovning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatda davom etgan. YPX xodimi aloqa vositasi yordamida o‘zidan keyingi xodimga avtomobil ma’lumotlarini yetkazgan. YPX xodimi I.Bobabekov Spark avtomobili haydovchisiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatishiga qaramasdan haydovchi xodimning ustiga avtomobilni boshqargan. Avtomobil kapotiga osilib qolgan I.Bobabekov taxminan 50−60 metr masofadan so‘ng tushib qolgan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Haydovchi Jinoyat Prosessual Kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida huddi shunday hodisa Toshkentda sodir bo‘lgan edi. Unda Nexia haydovchisi YPX xodimini kapot ustida 10−20 metr masofada sudrab ketgan edi.