Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish arafasida yuzaga kelgan milliy test tizimi atrofidagi mojaro haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biriga aylandi. Ayrim fanlar bo‘yicha test topshiriqlarining sinovlar oldidan tarqalgani ma’lum bo‘ldi.

Davlat test markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, test topshiriqlari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Xalq ta’limi vazirligi esa test topshiriqlarini yaratishga jalb qilingan ekspertlar bilan shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri DTM tomonidan tuzilganligi, test topshiriqlari Davlat test markazi binosida yaratilganligi, vazirlik testlarni tashkil qilish yoki yaratilgan testlarni joylarga yetkazib berishda ishtirok etmaganligi to‘g‘risida bayonot bilan chiqdi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ham xuddi shunday bayonot berdi. Profi Education o‘quv markazi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida sertifikat natijalarini bekor qilishni talab qildi. Manbalarning xabar berishicha, muammo bilan Senat ham qiziqib qolgan va tegishli idoralarga so‘rov yuborgan.

DTM test topshiriqlari tarqalganligini inkor etmadi va test topshiriqlari sinovda qatnashgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilib, sinov o‘tkazilgandan so‘ng kompyuterda terilgan, degan taxminni ilgari surdi. Ushbu taxminni DTM direktori o‘rinbosari Sardor Radjabov ham advokat va blogger Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chat vaqtida takrorladi. Biroq, mazkur taxminga ishonish qiyin — yodlash bir emas, balki bir nechta abituriyentga ishonib topshirilgan taqdirda ham, test variantining strukturasini xotiradan shu qadar aniq tiklash deyarli imkonsiz.

DTM testlari bilan bog‘liq muammolar ilgari ham kuzatilgan. 2020 yilgi kirish imtihonlari paytida Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish testlarida foydalanilgan test topshiriqlari sotilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Bundan tashqari, texnik xatolik sababli ba’zi viloyatlardagi test natijalari qayta hisoblab chiqilgan edi. Bundan oldin esa, kimyo fanidan test topshiriqlari bo‘yicha ko‘plab shikoyatlar qayd qilingan edi.

Bu kabi holatlarning oldini olish uchun xalqaro imtihonlarda qanday standartlar qabul qilinganligi va test sinovlari qoidalariga rioya qilinganligi borasida shubhalar uyg‘onsa, qanday choralar ko‘rilishini tahlil qilib ko‘ramiz. Shu bilan birga, milliy test tizimi bilan solishtirishga urinib ko‘ramiz.

Litsenziyalash, testlarni ishlab chiqish va testni o‘tkazish — vakolatlar va jarayonlarni chegaralash

Xalqaro imtihonlar amaliyotini tahlil qilsak, testlarni ishlab chiqishni litsenziyalash (agar mamlakat qonunchiligida bunday litsenziya talab etilsa), test materiallarini ishlab chiqish va imtihonlarni o‘tkazish jarayonlari bir-biridan ajratilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Test materiallarini ishlab chiqish bilan testologiya, psixometriya, statistika bo‘yicha ko‘plab mutaxassislar armiyasiga ega tashkilotlar shug‘ullanadi. Bunday tashkilotlarda nafaqat testlar ishlab chiqiladi, balki ularning validligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Mazkur tashkilotlar, shuningdek, testni o‘tkazish jarayoniga qo‘yiladigan talablarini ham ishlab chiqadilar va ushbu talablarni bajara olishini isbotlagan tashkilotlarga testlarni o‘tkazish huquqini beradilar, ya’ni test markazlarini tanlaydilar. Test markazi testni yaratgan tashkilotdan test materiallarini oladi, test jarayonini o‘tkazadi va test materiallarini testni yaratgan tashkilotga qaytarib yuboradi. Shu bilan birga, testni o‘tkazuvchi markaz testni yaratgan tashkilot tomonidan beriladigan barcha yo‘riqnomalarga rioya qilishi shart. Vaqti-vaqti bilan test markazlari qoidalarga qay darajada amal qilayotganligi tekshiriladi (audit o‘tkaziladi). Bundan tashqari, testni yaratgan tashkilot test o‘tkazilgan har bir markaz bo‘yicha test natijalarining statistikasini doimiy ravishda tahlil qilib boradi.

Litsenziyalovchi organ esa testlarni ishlab chiqish va o‘tkazishda qoidalar va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi.

Masalan, IELTS imtihoni materiallari xalqaro sinovlar bozorida yetakchi tashkilotlardan biri, ingliz tili imtihonlarini ishlab chiquvchi Cambridge Assessment English tomonidan yaratiladi. O‘zbekiston hududida imtihon Britaniya Kengashi yoki IELTS’ning egalaridan biri bo‘lgan IDP tashkilotidan imtihon o‘tkazish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan Edu Action tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi. TOEFL yoki GRE imtihonlari ham xuddi shunday — AQShda joylashgan, sinovlar va baholash bo‘yicha dunyodagi eng yirik notijorat tashkilotlaridan biri bo‘lgan Educational Testing Service (ETS) test materiallarini yaratadi, ammo tashkilotning o‘zi imtihonlarni o‘tkazmaydi.

Ilgari yozganimdek, Buyuk Britaniyada parlament huzuridagi Ofqual malaka va imtihonlar boshqarmasi imtihonlarni tartibga soluvchi organ hisoblanadi va imtihonlar qoidalarini ishlab chiqadi. Ofqual’ning o‘zi imtihonlarni o‘tkazmaydi, lekin ularni o‘tkazadigan tashkilotlar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan talablarni belgilaydi, shuningdek ushbu talablarning bajarilishini nazorat qiladi.

Rossiyada Yagona davlat imtihoni (YeGE) uchun test topshiriqlarini tuzish bilan Pedagogik o‘lchovlar federal instituti, test sinovlarini o‘tkazish bilan esa Federal test markazi shug‘ullanadi.

Bu kabi vakolatlarning chegaralanishi jarayonda qatnashadigan har bir tashkilotning o‘z ishi uchun javobgar bo‘lishini va «bir birini tiyish va muvozanat» tizimi ishlashini ta’minlaydi. Litsenziyalash (nazorat qilish) tashkiloti baholash bilan shug‘ullanadigan barcha tashkilotlar tomonidan qoidalar va talablarning bajarilishini xolisona nazorat qiladi. Test materiallarini yaratadigan tashkilot testning validligini ta’minlash uchun testlarni ishlab chiqish va o‘tkazish jarayonida barcha qoidalarga rioya qilinishidan manfaatdor bo‘ladi. Testni o‘tkazuvchi tashkilot (test markazi) esa testni o‘tkazish huquqini saqlab qolish uchun testni ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan belgilangan qoidalarga rioya qilishga harakat qiladi. Mazkur yondashuv, shuningdek, qoidalar buzilgan taqdirda bunday holatlarni aniqlash va surishtiruv o‘tkazishni osonlashtiradi.

Testning validligiga kelsak, bu juda muhim masala, chunki ta’lim muassasalari va ish beruvchilar imtihon natijalarini qandaydir hukumat qarorlari kuchi bilan emas, balki testning validligi sababli tan olishadi. Testlar haqidagi fan — testologiya test natijalarining validligini testning sifatini belgilovchi yagona mezon deb hisoblaydi. Test tashkilotlari uchun dasturul-amal bo‘lib xizmat qiladigan hujjat — Pedagogik va psixologik testlar bo‘yicha standartlarda belgilanishicha, testlar shunday ishlab chiqilishi kerakki, test natijalari validligini ta’minlasin. Testlarning adolatliligi, ishonchliligi va validligini ta’minlash uchun ko‘rilgan barcha choralar hujjatlashtirilishi kerak. Bundan tashqari, testni o‘tkazish qoidalari ham test natijalarining validligini ta’minlashi, bu qoidalarga rioya qilinishi esa doimiy ravishda tekshirilishi lozim.

Yuqoridagilarni misol yordamida tushuntirishga harakat qilamiz. Tasavvur qilaylik, qaysidir tashkilot tibbiyot fakultetiga kiruvchilar uchun kimyo fani bo‘yicha testlar ishlab chiqdi. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari test natijalarini tan olishlari, ya’ni mazkur testlar asosida abituriyentlarni qabul qilishni boshlashi uchun test natijalarining validligini isbotlash kerak. Ya’ni, test haqiqatan ham abituriyentning tibbiyot sohasida o‘qish uchun kimyo fani bo‘yicha tayyorgarlik darajasini aniqlab bera olishi isbotlanishi lozim.

O‘zbekistonda Davlat test markazi (DTM) bir vaqtning o‘zida uchta vazifani bajaradi:

  • nazorat qiluvchi (regulyator) tashkilot — Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 fevraldagi 130-sonli qarori bilan tasdiqlangan DTM to‘g‘risidagi nizomga binoan DTM «ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda test sinovlarini o‘tkazish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish uchun javob beradigan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi»;
  • test materiallarini ishlab chiquvchi tashkilot — DTM mutaxassislarni yollaydi va testlarni ishlab chiqadi;
  • test jarayonini o‘tkazuvchi tashkilot — DTM bevosita testlarni o‘tkazadi (tor ma’noda «test markazi» vazifasini bajaradi).

E’tibor bering: DTM o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan materiallar asosida testlarni o‘zi o‘tkazadi, shu bilan birga u «test sinovlarini o‘tkazish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat»ni ham amalga oshirishi kerak. Bundan kelib chiqadiki, agar biror bir bosqichda — testni ishlab chiqish yoki o‘tkazishda — qoidalarga rioya qilinmasa, markaz, Gogolning mashhur komediyasidagi ayol singari, «o‘zini o‘zi savalashi» kerak. Ammo markaz bundan qanchalik manfaatdor? Masalan, men bir vaqtning o‘zida ham kolbasa ishlab chiqaruvchi va kolbasa mahsulotlariga qo‘yiladigan davlat standarti talablariga muvofiqligini nazorat qiluvchi bo‘lsam, tabiiyki, mening kolbasam har doim ham davlat standartlariga mos kelaveradi, amalda unday bo‘lmasa ham.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan DTM umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy test tizimini o‘tkazuvchi tashkilot hisoblanadi. Shuni qayd etish lozimki, test sinovlarini o‘tkazish va sertifikatlar berish DTM yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan ta’lim sifatini baholovchi boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. XTV va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa test materiallarini ishlab chiquvchi sifatida belgilangan, lekin test topshiriqlarining tarqalib ketishi mojarosidan so‘ng XTV va inspeksiya bergan bayonotlarga qaraganda, DTM mutaxassislar bilan shartnoma tuzib, ularni o‘z hududida ish bilan ta’minlagan va ushbu mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan testlarni qabul qilib, ulardan foydalangan, ya’ni testlarni ishlab chiquvchi vazifasini ham bajargan.

Testlarni ishlab chiqish va validligini o‘rganish uchun yetarlicha vaqt

Cambridge Assessment Englishning tushuntirishicha, test topshiriqlari imtihonda ishlatilishidan oldin bir necha tajriba-sinov bosqichlaridan o‘tadi. Odatda, test topshirig‘ini ishlab chiqish boshlanishidan boshlab uning ishlatilishigacha bir necha yil o‘tadi. Xorijiy tillar bo‘yicha imtihonlar kengashlari Yevropa assotsiatsiyasining (ALTE) testlarni ishlab chiqish va imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmasida ham testlarning dastlabki tajriba-sinovi va haqiqiy imtihonda ishlatilishi o‘rtasida yetarlicha vaqt o‘tishi kerakligi ta’kidlangan.

Testning yakuniy varianti kompyuterda maxsus algoritmlarga tayangan holda shakllantiriladi va ushbu variantning validligi va ishonchliligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi. Test materiallari bilan ishlashda tizimning turli ishtirokchilari uchun foydalanishning turli darajalari o‘rnatiladi, test topshirig‘i muallifi esa o‘z materialidan qachon va qayerda foydalanilishini bilmaydi.

Milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror o‘tgan yilning oktyabr oyida qabul qilingan edi. Joriy yilning mart oyida birinchi sinovlar aprel oyida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi. Manbalarning xabar berishicha, testlarni ishlab chiqish mart oyida boshlangan. Bunday tig‘iz muddatda matbuot anjumanida va’da qilinganidek, testlarning validligi va ishonchliligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishga vaqt ham yetmagan bo‘lsa kerak.

Tig‘iz muddatlarda ishlanganligi tufayli ekspertlar test topshiriqlarini ishlab chiqishni boshlaganlarida ularning qachon va qayerda ishlatilishini ham bilishgan. Test topshiriqlarini ishlab chiqishda qatnashgan mutaxassislarning halolligiga shubha bildirmoqchi emasman, biroq, tizimning istalgan ishtirokchisi ishlab chiqilayotgan test materialining qayerda va qachon ishlatilishini oldindan bilsa, bunday tizimning o‘zi ishonchli bo‘la olmaydi.

Hamma test topshiruvchilar 50ta topshiriqdan iborat bitta test variantini yechishganini sharhlar ekan, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ovozli chat davomida IELTS imtihoni tajribasini eslatdi. To‘g‘ri, IELTS imtihonida bir vaqtning o‘zida test topshirayotganlar testning bir xil variantini yechishadi, biroq, birinchidan, yuqorida aytib o‘tganimdek, ushbu variant imtihonga bir oy qolganda yaratilmaydi, ikkinchidan, IELTSda ochiq turdagi topshiriqlari ham mavjud, demak, test topshiruvchi tayyor kalitlarni yodlagan holda javob bera olmaydi.

Ma’lumotlarni saqlash

Yuqorida eslatib o‘tilgan standartlar testlardan foydalanadigan tashkilotlardan test materiallari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishni talab qiladi. Demak, testni ishlab chiqish va undan foydalanishning barcha bosqichlarida test materiallari bilan faqat maxsus ruxsat berilgan shaxslar ishlay oladi. Odatda, tizimning turli ishtirokchilariga testlarni tuzish, ularning validligini o‘rganish va ulardan foydalanishdagi vazifalariga qarab, turli darajadagi huquqlar beriladi.

Keyingi bosqichda qayta ishlash va foydalanish uchun qabul qilingan test topshiriqlarini saqlash uchun test ishlab chiquvchilar odatda ruxsatsiz kirish va nusxa ko‘chirishdan himoyalangan maxsus dasturiy ta’minotdan foydalanadilar. Masalan, xalqaro PISA test materiallari bilan ishlash huquqiga ega bo‘lgan mutaxassislar ma’lumotlarni boshqa dasturlarga ko‘chirish imkonini bermaydigan maxsus dasturda ishlaydilar. Ma’lumotlar saqlanadigan binolar ham odatda, kodli qulflar singari kirishni cheklovchi tizimlar bilan himoyalanadi.

Tizimga nafaqat test topshiriqlari, balki ular bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar kiritiladi: topshiriqning yagona identifikatsiya raqami, validlik tadqiqotlarining qaysi bosqichlaridan o‘tganligini ko‘rsatadigan ro‘yxat, topshiriqqa kiritilgan o‘zgarishlar tavsifi va boshqalar.

Milliy tizim uchun testlarni ishlab chiqishda qatnashgan ekspertlarning aytishlaricha, DTMda test topshiriqlarini yaratish va saqlash uchun oddiy Word muharriridan foydalaniladi — bu esa maxfiy ma’lumotlarni saqlash uchun eng yaxshi yechim emas. Ekspertlar oddiy parol bilan himoyalangan kompyuterlarda ishlashadi va bu kompyuterlar tarmoqqa ulangan, bu ham maxfiy ma’lumotlar saqlanadigan kompyuterni himoya qilishning eng ishonchli vositasi emas. Ekspertlar ishga kelganda, DTM xodimi parolni kiritib, kompyuterlarning ochib beradi. Kompyuterda ishlayotgan ekspert ushbu kompyuterda boshqa ekspertlar tomonidan yaratilgan papkalar va fayllarni ko‘rishi mumkin. DTM xodimi ekspertlar ishlaydigan barcha kompyuterlarning parollarini biladi, demak, u barcha kompyuterlarga kirish va ularda saqlanadigan materiallarni ko‘rish imkoniga ega. Kompyuterlarning USB portlari yopishqoq lenta bilan muhrlangan, demak, ularni yechib olish muammo tug‘dirmasa kerak, bundan tashqari, tarmoqda ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan kishi uchun kompyuterdagi ma’lumotlarni mahalliy tarmoq orqali olish ham qiyin ish emas.

Natijalarning statistik tahlili

Standartlar shuni talab qiladiki, imtihon topshiruvchilar aldov yo‘li bilan — test qoidalarini buzgan holda, shu jumladan imtihondan oldin test materiallarini qo‘lga kiritish orqali ball olish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarish uchun barcha choralar ko‘rilishi kerak. Imtihondan oldin test materiallarining qo‘lga kiritilishi test natijalarining validligini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi, demakki, bunday test natijalari hech qanday qaror qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin emas va bekor qilinishi lozim.

Imtihon topshiruvchilar tomonidan ham, test markazi tomonidan ham test qoidalarining buzilishini aniqlashga imkon beradigan muayyan choralar mavjud. Ushbu chora-tadbirlardan biri alohida olingan test topshiruvchilar, shuningdek test kunlari va joylari bo‘yicha test natijalarini statistik tahlil qilishdir. Bu kabi tahlil har bir testdan so‘ng testni ishlab chiqqan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Masalan, ikki yoki undan ortiq test topshiruvchilarning javoblari bir-biriga mos kelgan, test topshiruvchining natijalari testning turli bo‘limlari bo‘yicha katta farq qilgan, test o‘tkazilgan kunlar yoki test markazlari kesimida ballarning normal taqsimotidan katta og‘ishlar qayd etilgan holatlar har doim shubha uyg‘otadi va natijalar maxsus komissiya tomonidan tekshirilgunga qadar e’lon qilinmaydi. Masalan, Educational Testing Service (ETS) ballarni taqsimlanishidagi har qanday og‘ishlarni avtomatik ravishda aniqlab beradigan tizimdan foydalanadi.

Tekshiruv natijasida test natijalari bekor qilinishi va test topshiruvchiga ma’lum vaqt davomida test topshirish ta’qiqlanishi mumkin. Agar test markazi tomonidan test sinovlarini o‘tkazish qoidalarida buzilganligi aniqlansa, ushbu markazda test sinovlaridan o‘tganlarning barchasi uchun test natijalari bekor qilinadi. Odatda, bunday holatlarda test sinovi uchun to‘langan mablag‘ test topshiruvchiga qaytariladi yoki unga test sinovini bepul qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Albatta, xalqaro imtihonlar amaliyotida ham noxush voqealar bo‘lgan. Masalan, 2018 yilda Katmanduda politsiya IELTS imtihoni topshiriqlarini sotayotgan guruhni qo‘lga olganidan keyin Britaniya Kengashi imtihonni bekor qildi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) Qozog‘istonning 2015 yilgi PISA testi natijalarini xalqaro reytingdan chiqarib tashladi, sababi — testlarda ishtirok etadigan maktablarni tanlashda qoidalarga rioya qilinmagani va test natijalarini tekshiruvchilarning xolisligi shubha uyg‘otgani edi. Biroq, tizim shunday tuzilganki, har qanday qoidabuzarliklar tekshirilib, ularga nisbatan chora ko‘riladi, bundan tashqari, qoida buzilishini zanjirning bir halqasida yashirishga urinishlar muqarrar ravishda keyingi halqada aniqlanadi.

DTM direktori o‘rinbosari Sardor Radjabov Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chatda test topshiriqlari tarqab ketganligi gumon qilinayotgan hududlardagi test natijalari statistik tahlil qilinishi va bu tahlillar natijalari jamoatchilikka e’lon qilinishini va’da qildi. Biroq, bunday tahlilni nafaqat alohida hududlar, balki test sinovlari o‘tadigan barcha kunlar va hududlar kesimida amalga oshirish, ballar taqsimotidagi har qanday og‘ishlarni aniqlash va ularning sabablarini o‘rganish muhimdir. Surishtiruv ishlari olib borilayotgan paytda test natijalarini e’lon qilmay turish va balki, surishtiruv natijalariga ko‘ra natijalarni bekor qilish ham lozim bo‘ladi. Aks holda, milliy test tizimiga ishonchni tiklash qiyin bo‘ladi.

Takliflar

Shunday qilib, test sinovlari shunchaki"ekspertlarni yig‘ish, ularga test tuzdirish va imtihon o‘tkazish" emas. Test materiallarini ishlab chiqish, imtihon o‘tkazish va uning natijalarini e’lon qilishning har bir bosqichida jiddiy ilmiy yondashuv va muayyan standartlarga rioya qilish lozim. Albatta, testlarni «bo‘laveradi» tamoyili asosida ishlab chiqish va o‘tkazish ham mumkin — axir, test natijalarining validligi bo‘yicha dalillar bo‘lmasa ham, hukumat qarori test natijalarining ta’lim muassasalari tomonidan tan olinishini kafolatlaydi. Ammo bunday yondashuv kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Test tizimidagi muammolar kelajakda jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun, mening fikrimcha, Pedagogik va psixologik testlar bo‘yicha standartlar asosida test natijalari validligini ta’minlaydigan aniq yo‘riqnomalar va qoidalarni ishlab chiqish zarur. Ushbu qoidalar va yo‘riqnomalar (shu jumladan axborot xavfsizligi qoidalari) testlarni ishlab chiqish va o‘tkazishning barcha bosqichlarini, shuningdek, test natijalarini qayta ishlash va e’lon qilishni ham qamrab olishi zarur. Test natijalari qandaydir hukumat qarorlari bilan emas, balki validlik bo‘yicha ilmiy dalillar e’lon qilinganidan keyin tan olinishi lozim.

Ushbu qoidalar va yo‘riqnomalarga rioya qilinishini ta’minlash uchun test materiallarini ishlab chiqish, testlarni o‘tkazish va test qoidalarining bajarilishini nazorat qilish funksiyalarini bir-biridan ajratish juda muhimdir. Yuqorida ko‘rganimizdek, bu uchta vazifa bir tashkilotning zimmasida ekan, nazorat va muvozanat tizimi buziladi va har qanday bosqichda standartlar buzilganligini obyektiv tekshirish imkonsiz bo‘ladi. DTM qanday tashkilot — nazoratchimi (regulyatormi), testlarni ishlab chiquvchimi yoki testlarni o‘tkazuvchimi, shuni aniq-tiniq belgilab olish va shunga muvofiq baholash xizmatlari bozorida boshqa ishtirokchilarning paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratish lozim — raqobat ularni o‘z obro‘sini qadrlashga majbur qiladi.

Shuningdek, «oxirgi muddat kecha edi» tamoyilidan voz kechish kerak. Test materiallarini ishlab chiquvchi tashkilotlar bunday muhim masalaga jiddiy, ilmiy asoslangan holda yondashishlari uchun yetarlicha vaqt bo‘lishi kerak. Umuman olganda, testlar bilan ilmiy asoslangan holda shug‘ullanish yoki umuman shug‘ullanmaslik kerak — axir, mamlakatning intellektual kelajagi bilan o‘ynashib bo‘lmaydi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.