Prezident tomonidan 16 iyun kuni “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Turizm va sport vazirligining sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Bunda sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan g‘oliblar I, II, va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi.

Baholash tizimi bo‘yicha yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida quyidagi imtiyozlar va rag‘batlantirishlardan foydalanadi:

  • safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
  • maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi"ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kiradi, ularga umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish
  • huquqi beriladi (taksi, shu jumladan, yo‘nalishli taksi mustasno);
  • bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;
    farzandlari yashayotgan joydagi umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
  • respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy ta’lim muassasalari sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, sport sinovlarini baholash tizimi me’yorlari, sport razryadlari va unvonlari, o‘tkazish grafiklari va ishtirokchilar uchun tavsiyalar platformasi ishlab chiqiladi hamda sport sinovlari ishtirokchilari haqidagi yagona elektron baza yaratiladi.