O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Toshkent xalqaro kinofestivali endilikda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan shu yildan boshlab har yili 28 sentyabr — 3 oktyabr kunlari o‘tkaziladi.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968−1997 yillarda may oyi oxiri — iyun oyi boshida davlat kinematografiya qo‘mitasi va kinoarboblar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.

Shu yili bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan mazkur kinofestival “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori bo‘lib o‘tadi va unga xorijdan jami 355 nafar ishtirokchi, shu jumladan, 55 nafar taniqli kinoyulduzlar taklif etiladi.

Festival doirasida mashhur kinomutaxassislar va rejissyorlar ishtirokida yosh kinoijodkorlar uchun mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, kinotreninglar, davra suhbatlari, hududlarda kinoko‘rgazmalar, eng yaxshi milliy va xorijiy filmlar namoyishlari o‘tkaziladi.