Ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi sabab yo‘llar bo‘ylab ekilgan daraxtlar qaytarib olinganligi haqida video tarqaldi. Video lavhalarda aks etishicha, archalar yuk mashinasiga ortilgan, gullarni esa ishchi xodimlar yig‘ib chiqmoqda.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati video “shaharni obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan hududni obodonlashtirish jarayoni” vaqtida suratga olinganligini ta’kidladi.

“Obodonlashtirish ishlari olib borish jarayonida gullarga shikast yetmasligi uchun ular tasvirda aks etgan avtomashina yordamida soya-salqin joyga bir oz muddatga ko‘chirib turilgan. Yo‘lning 50 metr uzunlikdagi qismida olib borilgan bu tadbir davomida, ekologlar tavsiyasiga ko‘ra, qayta o‘tqazilgan ko‘chatlarning yanada o‘sib rivojlanishi uchun zarur agrotexnik shart-sharoit yaratilgan”, — deyiladi xabarda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda bu manzarali butalar yana o‘z joyiga qayta o‘tqazilgan.

Katarantus. Foto: illyustratsiya.

“Gazeta.uz” davlat xaridlari portalini o‘rganib chiqdi va 14 iyun kuni Andijon shahar hokimligini obodonlashtirish boshqarmasi “Oyim Agro Tamorqa MCHJ"dan 60 million so‘mga (har biri 1200 so‘m) 50 ming katarantus gul sotib olganini aniqladi.


Shuningdek, 12 iyun kuni idora 200 million so‘mga 180 dan ortiq daraxtlar va butalar sotib olingan.

Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi 17−18 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi.

2020 yil noyabr oyida OAVda prezidentning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi arafasida Qarshida quritilgan o‘tlar yashil rangga bo‘yalgani haqida xabar tarqalgan edi. Ushbu yangilik uchun Daryo nashri Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ogohlantirish olgan edi.