18 iyun kuni Xavfsizlik kengashi tavsiyasiga ko‘ra BMT Bosh assambleyasi amaldagi bosh kotib Antoniu Guterrishni ikkinchi besh yillik muddatga tayinladi — 2022 yil 1 yanvardan 2026 yil 31 dekabrga qadar. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi xabar berdi.

Antoniu Guterrish o‘z chiqishida «yangi davr boshlanishida» BMTda o‘zgarishlarga erishishga va’da berdi. «Biz haqiqatda burilish oldida turibmiz, oldimizda jiddiy tanlov turibdi. Biz hozir o‘z tanlovimizni qilib, tariximizni yozyapmiz. Har narsa bo‘lishi mumkin — yoki doimiy inqiroz, yoki barchamiz uchun yanada yashilroq, xavfsizroq va yaxshiroq kelajak istiqboli».

U pandemiya insoniyatning umumiy zaifligi, o‘zaro bog‘liqligi va yaxshiroq kelajakka olib keladigan kollektiv harakatlarni amalga oshirishdagi mutlaq zaruriyatni namoyon qilganligini qayd etdi.

Antoniu Guterrish COVID-19 pandemiyasining og‘ir oqibatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. «Millionlab oilalar o‘z yaqinlarini yo‘qotishdi. Dunyo BMT tashkil topganidan buyon eng ulkan xatarlardan biri bilan to‘qnashdi. Biz pandemiya jamiyatlarimizda zaif nuqtalarni namoyon qilganligini ko‘rdik», — dedi u.

114 million ish o‘rinlari yo‘qotildi, va 55%dan ortiq dunyo aholisi ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘ldi. 20 yil ichida birinchi marotaba kambag‘allik masshtablari kengayishi ehtimoli paydo bo‘ldi. 2020 yilda 119dan 124 milliongacha qo‘shimcha odamlar qashshoqlik darajasiga tushib qoldi. Inqiroz davrida keskin tengsizlik ko‘proq daromad darajasi past bo‘lgan davlatlarda namoyon bo‘ldi, aholining eng zaif qatlamlari, shu jumladan ayollar ham aziyat chekishdi, deya ta’kidladi BMT bosh kotibi.

«Inqirozdan chiqish va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish adolatliroq bo‘lishini ta’minlash juda muhim» — deya qo‘shimcha qildi u.

BMT rahbari iqlim o‘zgarishi, bio xilma-xilliklarning kamayishi, atrof-muhitning ifloslanishi, o‘sib borayotgan tengsizlik, inson huquqlari himoyasi, raqamli tafovut, mojarolar va yangi pandemiyalar ehtimoli kabi muammolar haqida eslatib o‘tdi.

U resurslar va texnologiyalarni adolatli bo‘lib olish, shuningdek davlatlar o‘rtasida ishonchni tiklashga erishishga chaqirdi.

«Katta va kichik xalqlar o‘rtasida ko‘priklar barpo etish va ishonchning mustahkamlanishiga erishish maqsadida ishonchning o‘sishini ta’minlash uchun barcha narsani qilaman», — dedi BMT rahbari.

Antoniu Guterrish BMT bosh kotibi lavozimiga 2017 yil 1 yanvar kuni kirishgan. Uning nomzodi Portugaliya tomonidan ko‘rsatilgan. 2005−2015 yillar mobaynida 10 yil u BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissari lavozimida faoliyat yuritgan.

Antoniu Guterrish 1949 yil 30 aprel kuni Lissabonda tug‘ilgan. U Oliy texnika institutida muhandislik ishi va fizikani o‘rgangan. 1974 yilda u Sotsialistik partiyaning a’zosi bo‘lgan. Sotsialistik partiyaning bosh kotibi lavozimiga saylanganidan uch yil o‘tib 1995 yilda Portugaliyaning bosh vaziri bo‘lgan.