19 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘FAning navbatdan tashqari hisobot kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Kongressni O‘FA rahbari Abdusalom Azizov ochib berdi.

«Yaqindagi O‘zbekiston terma jamoasining mag‘lubiyatini O‘FA alohida ko‘rib chiqadi va bu borada hisobot beradi. Bu mag‘lubiyat bir kunda bo‘lib qolmadi. Bolalar futbolidan boshlab muhokama qilamiz. Bizda orqaga yo‘l yo‘q», — dedi u.

Mazkur kongressda dastlab O‘FA yangi Ustavi muhokama qilindi va sentyabr oyidagi O‘FA hisobot saylov kongressi haqida ma’lumot berildi. Unda O‘FA Ustavining OFK va FIFA talablari asosidagi yangi tahriri, O‘FA saylov kodeksi, O‘FAning saylov qo‘mitasi hamda O‘FAning apellyatsiya saylov qo‘mitasi bir ovozdan tasdiqlandi.

Kongressning ikkinchi qismida O‘zbekiston terma jamoasining endilikdagi sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov nutq so‘zladi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

«Biz oldindagi 3 ta o‘yindan 6 ochko olsak, keyingi bosqichga chiqardik. Ammo pandemiya tufayli KXDR JCH saralashidan chiqib ketdi va FIFA boshqa guruhdagi ikkinchi o‘rindagi jamoalardan 6 ochko olib tashladi. Livan 10 ochko bilan keyingi bosqichga chiqdi, biz 15 ochko bilan qolib ketdik. Barcha aybni o‘z bo‘yimniga olaman. Chunki men bosh murabbiyman, barcha futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. Men murabbiy bo‘lib ishlaganimda ikki markaziy himoyachi va darvozabonni tayyorlay olmadik. Bu muammo hamon bor», — dedi Vadim Abramov.

Foto: Sports.uz

Abramov fikrini bildirib, o‘z o‘rniga qaytmoqchi bo‘lganida, O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Odil Ahmedovning himoya markazida o‘ynatilgani haqida murabbiyning fikrini so‘radi.

«Odil Ahmedov nima uchun himoyada o‘ynadi? O‘yindan oldin aksariyat futbolchilar kelib, Odil himoyada o‘ynamoqchi ekanligini aytishdi. Aniqrog‘i, Aziz Haydarov kelib shunday dedi. Yakunda birgalikda shunday qarorga keldik. Himoyadagi muammoni kuchli pressing orqali bartaraf etmoqchi bo‘lgandik. Futbolchilar bu haqda so‘raganidan keyin buni rad eta olmadim va Ahmedov himoyaga qo‘yildi», — dedi Vadim Karlenovich.

Shundan so‘ng jurnalistlar bilan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. «Gazeta.uz» muxbirining terma jamoa murabbiyidan iste’foga chiqish yoki chiqmasligi haqida so‘ralganida, u shartnoma aynan iyun oyida yakunlanishini va iste’foga chiqishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Aziz Haydarov ham fikrlarini bildirib o‘tdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

«Fikrimni barchadan uzr so‘rash bilan boshlamoqchiman. Maqsadimiz Jahon chempionati keyingi bosqichiga chiqish edi. O‘FA tomonidan barcha sharoitlar yaratib berildi. Vadim Abramov aytganidek o‘yindan oldin futbolchilar kelib Odil Ahmedov himoyada o‘ynasin deb iltimos qilishdi. Men buni bosh murabbiyga yetkazdim», — dedi u.

Haydarov aybdorlarni qidirish kerak emasligini, mag‘lubiyatga barcha aybdorligini ta’kidladi. «O‘zim futbolchi sifatida uch marta JCH saralashida ishtirok etgan bo‘lsam, doim ochko yoki bitta gol yetmay qolardi. Bizga halollik yetishmayapti», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Aziz Haydarov Vadim Abramovning terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lishi haqida murabbiyni tayinlashga xalqning talabi sabablardan biri bo‘lganini aytdi. Sobiq futbolchi Birodar Abduraimov esa Aziz Haydarovga «Qani o‘sha xalq? Kimlar edi ular?», deya savol berdi.

«Bilmadim, endi. O‘shanda Falastinga yutqazgandik va keyingi o‘yingacha 1 oy qolgandi. Abramov futbolchilarni ruhan ko‘tara olishiga ishongandik», — deya fikrlarini bildirdi Aziz Haydarov.

Shundan so‘ng terma jamoaning endilikdagi sobiq sardori Odil Ahmedov ham nutq so‘zladi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

«Futbolni aldab bo‘lmaydi. Agar biz bugun o‘zgarmasak, har safar shunday turib kechirim so‘raymiz. Futbolchi bo‘ladimi, murabbiy bo‘ladimi yoki futbol ichida ishlaydigan odam bo‘ladimi, futbolni birinchi o‘ringa qo‘ymasa natija bo‘lmaydi», — dedi u.

Odil Ahmedov terma jamoadagi futbolchilik faoliyatini yakunlaganini bildirdi.

Kongress so‘ngida O‘FA rahbari Abdusalom Azizov fikrlarini bildirib o‘tdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

U futbolda ko‘p narsa yo‘qotilgani, ayrim insonlar buni biznes qilib yuborganini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, tashkiliy masalalarda ham ko‘p kamchilik bo‘lgan. Terma jamoa Saudiya Arabistoniga borganida mehmonxona borasida muammo kuzatilgan. «Bular futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qiladi. Faqat intervyu berish emas, ishini o‘z joyiga qo‘yib qo‘yishi kerak», — deya qo‘shimcha qiladi O‘FA rahbari.

«Bundan keyin O‘FA har bir klubda murabbiy va ma’muriy menejment alohida bo‘lsin. Murabbiylar agent bo‘lishi kerak emas, agar murabbiy agent bo‘lsa, bundan yomoni yo‘q», — deydi Abdusalom Azizov.

O‘FA rahbari terma jamoa bosh murabbiylar shtabi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinishi haqida ham aytib o‘tdi.

«Yangi murabbiyni topish bir kunda bo‘ladigan ish emas. Bir-bir yarim oy vaqtda yangi murabbiylar shtabini e’tiboringizga havola etamiz», — dedi Azizov.