Farg‘onada 3 ta avtomobil ishtirokidagi YTH oqibatida ayol haydovchi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB axborot xizmati.

Hodisa Rishton tumani hududidan o‘tuvchi 4-R 112 Farg‘ona halqasi avtomobil yo‘lining 261-kilometrida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanning Usta Abdulla ko‘chasida yashagan M. ismli ayol Matiz mashinasini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasini buzgan. Qoidabuzarlik sabab Matiz Farg‘ona shahar Yangi zamon ko‘chasida yashovchi M.ga tegishli Spark avtomobiliga urilib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia bilan to‘qnashib ketgan.

Hodisa oqibatida ayol haydovchi shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.