2020 yilda Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani ingliz tilida taqdim etildi. Tarjimanig muallifi amerikalik tarjimon va tadqiqotchi Mark Riz bo‘ldi.

Mark Riz O‘zbekiston bilan birinchi marta 1994 yilda, Qo‘qonga Amerikaning «Tinchlik Korpusi» (Peace Corps) dasturi doirasida ko‘ngilli sifatida kelganida tanishgan. U ikki yil davomida 23-sonli maktabda ingliz tilidan dars berdi, shuningdek, o‘zbek tilini o‘rgandi. U o‘z intervyularidan birida ko‘plab oddiy amerikaliklar hali O‘zbekiston haqida to‘liq tasavvurga ega emasliklarini aytdi. Uning fikriga ko‘ra, «Tinchlik Korpusi» kabi dasturlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantiradi.

Qo‘shma Shtatlarga qaytib, u Vashington universitetida Turkiy tillar va adabiyot ixtisosligi bo‘yicha tahsil oladi, o‘zbek va uyg‘ur tillarini chuqur o‘rgana boshlaydi. Mark Abdulla Qodiriyning faoliyati bilan o‘zining ustozi — professor Elza Sirtiut orqali tanishdi. Markning so‘zlariga ko‘ra, u Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish tashabbuschilaridan biri bo‘lgan. Sirtiutning rahbarligida Mark qadimiy turkiy tilning qadimgi shakllaridan biri bo‘lgan O‘rxun yozuvini o‘rgandi. U chig‘atoy tilini ham o‘rgandi.

«O‘tkan kunlar» tarjimasi uchun asos sifatida Mark 1926 yilda nashr etilgan matnning asl nusxasidan foydalangan.


— O‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishingiz nimadan boshlandi?

— Men xalqaro maktabda dars berishni juda xohlardim, biroq rus maktabida dars berishni istamadim. Hatto 90 yillarning boshlarida ham rus va o‘zbek tillarining maqomi bo‘yicha bahslar bo‘lardi. Ko‘plab hamkasblarim menga: «Rus tilini o‘rgansang yaxshi bo‘lardi, chunki u bilan sen postsovet hududining boshqa mamlakatlarida ishlashing mumkin bo‘ladi» deyishardi. Ammo men doim o‘zbek tiliga sodiq qolganman. Rus tili ajoyib til. Men rus adabiyotini yaxshi ko‘raman, ammo Qo‘qonda rus tilida gaplashishni qo‘pollik deb bildim.

Shohimardonga birinchi bor kelganimda, u yerda Ikkinchi jahon urushi medallari ko‘ksini bezab turgan, chopon kiygan oqsoqolni uchratdim. U mening oldimga keldi va qo‘limni siqib o‘zbek tilidan: «Qayerdan siz, mehmon?» deb so‘radi. «AQShdan» — deb javob berdim o‘shanda. U biz haqimizda faqat filmlarda ko‘rganligini aytdi. «Siz men jonli ko‘rgan birinchi amerikaliksiz», — deya qo‘shimcha qildi u. Bu voqea menda kuchli taassurot qoldirdi.

O‘zbek tilini o‘rganishimning uzoq yo‘li shu tarzda boshlandi. «Tinchlik korpusi» tajribasi menda javoblardan ko‘ra ko‘proq savollar qoldirdi. Besh ming kishi bilan juma namoziga chiqish baxtiga muyassar bo‘ldim. Odamlar 74 yil ichida birinchi marta o‘zlarining e’tiqodlarini ochiqchasiga ifoda etishdan qanchalik hayajonlanganlarini ko‘rdim. Men havodagi eyforiyani his qilardim.

90-yillar qiyin va biroz xavfli edi. O‘shanda ko‘cha zo‘ravonligi sabab ko‘proq ehtiyot bo‘lish kerak edi. Ammo boshqa tomondan, Arizonada o‘sgan va universitetda post-kolonial tadqiqotlarni o‘rgangan mendek bir yigitga yangi Respublikaning shakllanishini kuzatish kabi baxt nasib etdi.

— Tarjima uchun asos sifatida siz «O‘tkan kunlar»ning 1926 yilgi asl nusxasini oldingiz. Qodiriy romanni eski o‘zbek tilida yozgan. Tarjimaning qaysi qismlari sizda ko‘proq qiyinchiliklar tug‘dirdi va kimdir sizni qo‘llab-quvvatladimi?

— Eng qiyin qismlar — Qodiriy «ko‘cha tili»ni ifodalagan joylar bo‘ldi. Roman ustida ishlay turib, Qodiriy romanga asl tilni singdirish uchun qishloqma-qishloq kezgan. Men Toshkentda yashaganimda, bu so‘zlar va iboralarni tushunishim osonroq bo‘lgan, ammo vaqt o‘tishi bilan ular unutilib ketadi.

Tarjima ustida ish boshlaganimda, manbalarim cheklangan edi. Hatto 2004 yilda ham men qiyinchiliklarga duch kelardim. 1960 yil nashr etilgan Sovet davridagi O‘zbek tilining izohli lug‘atidan foydalanganman, ammo zamonaviy tarjimonlar bilan taqqoslaganda mening manbalarim baribir ham cheklangan edi. O‘zgarishlarga qaramay, men hali ham juda yaxshi zamonaviy o‘zbek-ingliz lug‘atini ko‘rmadim.

Shunday qilib, men mahalliy mutaxassislarga suyandim. Bu tarjima uchun 15 yil sarflanganining sabablaridan biri. U yoki bu jumla yoki so‘z haqidagi fikrlari uchun mutaxassislarga murojaat qilardim, so‘ng tahlil qilardim va tarjimaga qaytardim. Ba’zan ular bergan maslahatlar butunlay noto‘g‘ri bo‘lib chiqardi. Rostini aytsam, hatto tarjimaning so‘nggi variantini nashriyotga yuborishdan bir kecha oldin ham tuzatishlar kiritganman.

So‘ngra, roman nomini ingliz tilida gapiradigan o‘quvchiga qanday qilib to‘g‘ri taqdim etish haqida o‘ylardim. Oxir-oqibat men asarning asl o‘zbekcha nomini qoldirdim, lekin, shuningdek, «Bygone Days» deb qo‘shimcha qildim. Dunyo ozgina o‘zbek tilini o‘rgana olish imkoniga ega bo‘lishini xohladim. Qur’onni o‘qiyotganingizda, Qur’on o‘qiysiz, uni boshqacha nom bilan atamaysiz. «Shohnoma» deysizmi yoki «Shohlar kitobi»mi?


Butun tarjima davomida shunga o‘xshagan qarorlarni qabul qilishimga to‘g‘ri keldi, shuning uchun ba’zan o‘zbek tilidagi so‘zning o‘zini qoldirib, unga izoh berdim. Masalan, «bread» emas, balki «non». Bularning barchasini O‘zbekistonning o‘ziga xos muhitini saqlab qolish uchun qildim.

— Siz romanni 15 yil tarjima қилдим dedingiz. Nima uchun buнча ko‘p vaqt sarflandi? Qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?

— Bir muncha vaqt odamlar uchun O‘zbekistonga viza olish qiyin edi. Bu tanqid emas, shunchaki hayot haqiqati, siyosat. Bo‘lib turadi. Shuning uchun menda hamkorlik qilish imkoniyati bo‘lmagan.

Mutaxassis yo‘qligi nimasi bilan xavfli? O‘zbek tilida gaplashmaydigan chet elliklar yo‘qligining xavfi nimada? O‘zbekiston bo‘yicha mutaxassis bo‘lish juda qiyin bo‘lgan tizim paydo bo‘ladi.

Ammo so‘nggi to‘rt yil ichida men haqiqatan ham bu borada o‘zgarishning guvohi bo‘ldim. Mening Yozuvchilar uyushmasiga — a’zoligiga ega bo‘lish qiyin bo‘lgan tashkilot — qabul qilinishim — bu global hamjamiyatga moslashishimiz uchun imkon qadar ko‘proq yangi va turli ovozlarga muhtoj ekanligimizni tan olishdir.

Bundan tashqari, mendan qo‘lyozmani sotib olmoqchi bo‘lganlar ham bo‘ldi. Mening o‘zbek tilim yetarlicha yaxshi emas deganlar ham bo‘ldi. Ammo men romanni ingliz tiliga, o‘z ona tilimga tarjima qildim. Badiiy tarjimon bo‘lish uchun, avvalo, inson ma’lum bir jamiyat madaniyatini iloji boricha aniq aks ettirish uchun yetarlicha tushunchalarga ega yozuvchi bo‘lishi kerak.

— Qodiriy o‘z romanini Sovet Ittifoqi qurilishi paytida nashr etdi, biroq romanni sotsialistik realizmga bog‘lash mushkul. Buni qanday tushuntirish mumkin va siz romanni qanday talqin қилаsiz?

— Aniq bir narsa deyolmayman, chunki buning uchun chuqur tarixiy tadqiqotlar o‘tkazishim kerak, ammo Qodiriy shu roman sababli o‘ldirildi. Agar bu sotsialistik realizm romani bo‘lsa, demak u muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu u o‘tmishni eslashga harakat qilgani uchun sodir bo‘ldi. U ota-bobolarini eslashga harakat qildi. O‘limini oqlash uchun unga qarshi ilgari surilgan dalillardan biri uni monarxist deb atashganligi edi.

Jadidlarni kim o‘ldirganligidan qat’iy nazar, ular jadidlarning yaxshi sotsialist ekanligiga ishonmagan. Romanni ilk bor o‘qishni boshlaganimda, men dastlab Otabekni odatdagi Sovet qahramoni sifatida qabul qilganman, ammo diqqat bilan qarasangiz, uning so‘zlari sotsialistning so‘zlari emas. Xuddi shu narsa Yusufbek-hoji bilan ham tanishganda ko‘zga tashlanadi.

— Abdulla Qodiriy o‘z romanini 1926 yilda nashr etgan, ammo voqealar Xudoyorxon davrida sodir bo‘lgan. Buni qanday izohlash mumkin? Bu qandaydir tarzda sotsialistik realizm bilan bog‘liqmi?

— Bu sotsialistik realizm deb ta’kidlash qiyin. Ko‘pchilik mening fikrimga qo‘shilmaydi. Romanda «o‘zbek» so‘zi bitta holatda, O‘zbek oyim nomida ishlatilgan, degan fikrlar bor, men bunga qo‘shilmayman. Uchinchi qismda, Musulmonqul Chirchiq ostida mag‘lub bo‘lganda, Qodiriy qipchoqlar va o‘zbeklar birodarlar singari quchoqlashganini yozadi.

Shu bilan birga, Qodiriy «O‘tkan kunlar» asarini yozish uchun bir necha yil sarflaganini ham bilamiz. Ehtimol, uning 1920 yillar boshidagi o‘zbek bo‘lish nima ekanligi haqidagi tushunchasi o‘sha paytga borib o‘zgargandir.

Jadidlarni oddiy bir tashkilot emas, balki ilhom manbasi, deb bilaman. Ular madaniy fenomen edi. Agar taqqoslash uchun Harlem Uyg‘onish davri adabiyotining oltin davrini olsak, Harlemni Amerika madaniyatining markazlaridan biriga aylantirgan shoirlar, musiqachilar va rassomlarning turli spektrlarini ko‘rishimiz mumkin. Jadidchilikka nazar tashlasangiz, ular ham turlicha dunyoqarashga ega bo‘lishgan va menimcha Qodiriy, ayniqsa, madrasada tahsil olganligi bilan spektrning boshqa tomonida turadi. Ba’zi jadidlar uchun madrasalarda ta’lim olish odatiy hol edi. Jadidlarning bir qismi ulamolar edi, ular Turkiyada bo‘lgani kabi zamonaviy musulmon respublikasida islohot o‘tkazmoqchi bo‘lgan diniy rahbarlar edi.

Jadidlar kommunist va ateist bo‘lgan degan taxminlar ham mavjud. Men Qodiriy ateist bo‘lganiga ishonmayman. Men boshqa jadidlar haqida gapira olmayman, chunki men ular bo‘yicha ixtisoslashgan emasman, ammo Islom dini «O‘tkan kunlar»ni qamrab olgan. Qodiriy o‘z xalqini tanqid qilgan degan tanqidlar mavjud, ammo romanning butun mohiyati ham shunda. Romanda birinchi eshitadigan tovushingiz bu — azon. Bu birinchi jumla. Va eng oxirgi jumlalardan biri — bu janoza. Go‘yoki Qodiriy islohot g‘oyasining tug‘ilishi va o‘lishi haqida gapirayotgandek va bu shubhasiz Islom bilan bog‘liq. Shuning uchun, men uning ateist bo‘lganiga ishonmayman.


Ehtimol, oktabr inqilobidan keyin unda xonlar va amirliklarning eski tartibi ag‘darilishiga umid uyg‘ongandir. Ehtimol, Qodiriy boshqa jadidlar singari bolshevik inqilobini jamiyatdagi tartibning o‘zgarishi deb bilgandir. Ammo Qodiriy bolsheviklarga umid bilan qaragan taqdirda ham, uning umidi 1926 yilda roman oxiriga kelib so‘nadi. Romanning oxiri sizga bu haqda juda ko‘p narsalarni aytadi: oxirida Yodgorning o‘g‘illaridan biri bosmachi bo‘lib ketadi. Otabek ruslarga qarshi urushda halok bo‘ladi.

Qodiriy shu tarzda, vaqt bilan o‘ynaydi, deb o‘ylayman. Bu o‘tmish haqidagi roman muallifning bugunini kelajakka ogohlantirish sifatida tasvirlaydi. Bu qarshilik haqidagi roman, xotira va yo‘qotish haqidagi roman. Bu sotsialistik realizm romani emas.

Yana bir boshqa fikr bor. Ba’zilar «Obid Ketmon»ni sovet sotsialistik realizmi romani sifatida talqin qiladilar. Ehtimol shundaydir, biz buni aniq bilmaymiz. Qodiriy shaxsan o‘zi bunday g‘oyani ilgari surganligi to‘g‘risida bizda hujjatli dalillar yo‘q. 1920-yillarda u allaqachon maqolalari uchun qamoqda edi. Balki jadidlar sotsializmga yana bir imkoniyat berib, keyin ko‘ngli qolgandir. Qodiriy bilan ham shunday bo‘lgan.

Menimcha, asar oxiriga kelib Qodiriyning hafsalasi pir bo‘lgan, bu esa romanning yakunida aks etadi. U fuqarolar urushi, ocharchilik va mintaqadagi boshqa barcha keskin o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazdi. Ehtimol, u uchun so‘nggi falokat O‘zbekiston va Qozog‘iston SSRlarining tuzilishi bo‘lishi mumkin, chunki Sovetlar hokimiyatining o‘rnatilishi hokimiyat jadidlar qo‘liga o‘tishini anglatmas edi. Menimcha, u madaniyatning gomogenizatsiya (mahalliy madaniyatning yetakchi tashqi madaniyat tomonidan yutib yuborilishi — tahr.) qilinishidan xufton bo‘lgan. Yusufbek-xoji butun roman davomida tojik tilida gaplashadi. O‘zbek oyim yahudiy domla haqida gapiradi. Sovet tizimida aynan ana shu turli ta’sirlar dunyosi asta-sekinlik bilan gomogenizatsiya qilinadi.

- Voice of America’ga bergan intervyuingizda 1936 yilda chop etilgan «Ўткан kunlar» jadidchilik qarashlari olib tashlangan, deb айтgaнsiz. O‘sha variantdan айнан қайси qarashlar chiqarib tashlangan edi, ayta olasizmi?

— Ulardan biri monarxik qarashlar. Men romanning barcha versiyalarini o‘qimaganman, lekin Qodiriy hayoti va ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan Bahodir Karimov bilan suhbatlashganman. U barcha versiyalarni, ayniqsa 1950-yillardagi nashrlarni yaxshi biladi. 30-yillardan 50-yillarga qadar «O‘tkan kunlar» sevgi haqidagi romanga aylantirilgan. Menimcha, bu sovet mafkurasini joriy etishga urinish edi.

Chunki sevgi haqidagi roman — xavfsizdir. Shuningdek, keyingi versiyalarda Yusufbek-hojining so‘zlaridan Turkiston suvlarini ifloslantirganlar haqidagi ayblovlar olib tashlangan.

1950-yillarga qadar «O‘tkan kunlar»ni saqlash noqonuniy bo‘lganini yodda tutishimiz zarur. Odam buning uchun qamalmagan bo‘lishi mumkin, ammo bu uning g‘oyaviy jihatdan pok emasligining isboti sifatida unga qarshi ishlatilgan.

Rostini aytaman, men romanning barcha versiyalarini o‘qimaganman, lekin ba’zilarini o‘qiganimdan va mutaxassislar bilan suhbatlarimdan shuni aytishim mumkinki, 1933-yildan keyin roman ommaga mustamlakachilik siyosatining tanqidi emas, balki muhabbat haqida yozilgan asar sifatida taqdim etilgan.

— Romanda Qodiriy jadidchilik harakati haqida so‘z юритмайди. U birorta ham qahramonni jadid deb atamaydi, ammo jadidlar ta’siri baribir sezilib turadi. Nima deb o‘ylaysiz, «Ўткан kunlar« da kimni jadid deb atash mumkin?

— Aniqki, Otabek — jadid. Men har doim ham fikrlariga qo‘shilmaydigan Adib Xalidning ta’kidlashicha, jadidlar har doim ham o‘z mafkuralarini tavsiflash uchun jadid atamasidan foydalanishmagan. Ba’zida bu ulamolar tomonidan ishlatiladigan epitet bo‘lgan: «yangi bu», «yangi u», «jadid bu», «jadid u», «bu yangi, yangi, yangi narsalar haqida gapirishni davom etadigan yigitlar».

Jadidchilik — bu ijtimoiy hodisani tushunish uchun ishlatiladigan atama. Shunday qilib, mening tushunchamda jadidchilik tashkilot emas, ilhomdir. 2021 yilda Abdulla Qodiriy haqidagi tushuncha sovet olimining tushunchasidan farq qiladi. Sovet olimlari bu narsalarni yashirishga harakat qilishardi, chunki bu ularga qarshi ishlatilishi mumkin edi, xuddi Amir Temurni o‘rganish kabi. Jadidchilik turli tarixiy davrlardagi turli odamlar uchun turli narsalarni anglatadi.

Ikkinchi bob — har qanday dissertatsiyadagi eng ko‘p tarjima qilingan bob; har doim dastlabki bob batafsil tahlil qilinadi, ammo keyinchalik Otabekning qarashlari qanday o‘zgarganligi tahlil qilinmaydi. Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy menga Otabek muallif qarashlarining avtobiografiyasi ekanligini aytgandi. Otabek — bu Abdulla Qodiriy va uning dunyoga munosabati.


Ikkinchi bobda xon qiziga munosib yigitning: «Agar mening qanotlarim bo‘lganida, men Qo‘qon xoni yoniga uchib borib, Rossiyada amalga oshirilgan har bir islohotni amalga oshirgan bo‘lardim» deya ta’kidlashini ko‘ramiz. Toshkent bosib olinishidan 20 yil oldin, 1840-yillardagi Rossiya imperiyasiga nazar solib, «Otabek aynan nimani amalga oshirmoqchi edi?», deb o‘yga tolish mumkin. Ehtimol, Qodiriy o‘zining 1920-yillari haqida yozgan bo‘lishi mumkin. Balki, u jadid sifatida g‘oyalar qabristoniga ishora qilayotgandir. Vaqt bilan o‘ynab turib, u kelajak avlodni yaqinlashib kelayotgan xavf-xatarlardan ogohlantirayotgandek go‘yo.

- Romanda sevimli qahramoningiz bormi?

— Hasanali. U har doim Otabek va Kumushga sodiqligicha qoladi. U men birga o‘sgan kovboylarni biroz eslatib turadi. U otini minib, to‘g‘ri ish qilish uchun kerakli joyga shoshiladi.

Ikkinchi qahramon — Usta Olim. Bilasizmi, u biroz Naqshbandiy tariqatida bo‘lgan so‘fiyga o‘xshaydi. U sharob ichishni yaxshi ko‘radi. Usta Olim o‘zining tasavvufi bilan Yusufbek-hoji namoyish qiladigan Islomning an’anaviy va institutsional shakliga qarama-qarshi o‘rinda turadi. Ehtimol, aslida so‘fiy bo‘lish shuni anglatgandir. Qodiriy ushbu qahramonni qanday yaratganligi menga juda yoqadi.

- Otabekning romandagi xatti-harakatlarini erkalik deb atash mumkinmi? Ko‘pchilikka u yumshoq fe’lli va qat’iyatsizdek tuyulishi mumkin. Bunga munosabatingiz qanday?

— Men bu haqda o‘zbeklardan ko‘p eshitganman va juda hayratlanganman, ammo bu yaxshilikka bo‘ldi, chunki bu tarjimani madaniy o‘ziga xoslikni aks ettirgan maksimal darajadagi haqiqatga yaqinlashtirishga yordam berdi.

Otabek haqiqatan ham katta xatolarga yo‘l qo‘yadi. U doimo Toshkent va Marg‘ilon o‘rtasida, o‘z uyida bo‘lmaydi. Islom doirasida u Zaynab oldidagi erlik majburiyatlarini bajarmaydi. Zaynabning oilasi Otabekdan ajrashishini talab qilishga haqli, ammo Zaynab tunlari yolg‘iz tong ottiradigandek taassurot uyg‘onadi. «Kundoshlik» yo‘q.

Uning ikkinchi nikohga rozi bo‘lishi fojiaga sabab bo‘ladi, bu fojiada Yusufbek-hoji ham aybdor. Men buni Otabekning ojizligi deb bilaman.

— Otabek onasi bilan juda keskin gaplashadi. Sahnalarning birida u onasiga shunday deydi: «Uyat deysiz-da, uyatka o‘zingiz tushunmaysiz». Jadidlar onaларni muqaddas sanашgaн, ammo bu romanda Qodiriy O‘zbek oyimni salbiy obrazda ko‘rsatadi. Nima uchun deb o‘ylaysiz?

— Menimcha, Qodiriy O‘zbek Oyim obrazida qoloqlik timsolini aks ettirgan. Voz kechilishi lozim bo‘lgan eskirgan qarashlar. O‘zbek oyim «andi»ga ishonadi, Kumushni sevikli o‘g‘lini sehrlab qo‘ygan marg‘ilon jodugari deb biladi. U jadidlar kurashmoqchi bo‘lgan johillik ramzini o‘zida mujassam etgan.

O‘zbek oyim, shuningdek, o‘g‘lining baxtidan ko‘ra ko‘proq «mahallada duv-duv gap» haqida qayg‘uradi. U muqobil emas va oxir-oqibat Kumush uyining ostonasida paydo bo‘lganida, «Marg‘ilon jodugari»ning go‘zalligiga maftun bo‘lib, Zaynabni chetga surib qo‘yadi va endi uni: «Zaynabni nima qilsam ekan?» degan fikr o‘ylantiradi.

Zaynab — ushbu hikoyada haqiqatan ham yutqazgan qahramon. Umuman olganda, menga Zaynab juda yoqadi. U Toshkentning eng chiroyli ayoli edi. U o‘zini baxtli qila oladigan odamga turmushga chiqishi, farzand ko‘rishi, uzoq, boy oilaviy hayotga ega bo‘lishi mumkin edi. Ammo u bularning hech biriga ega bo‘la olmadi. Aqldan ozdi. Kumush Zaynab bilan so‘z o‘yinlari o‘ynab, unga qo‘pol munosabatda bo‘lgan paytlar ham bo‘lgan.

— Romanda yozilgan eng chuqur va sirli iboralardan birini Oftob Oyim aytgan: «Tokchada san qidirg‘an narsa yo‘q». Sizningcha, Kumush u yerda nimani qidirgan?

— Bill Myurrey ishtirokidagi «Ustaraning qirrasi» (The Razor’s Edge) filmini misol keltiraman. Bu filmni albatta ko‘rishingiz kerak.

Birinchi jahon urushidan so‘ng, Myurreyning personaji urush dahshatlarini boshidan o‘tkazganidan keyin Tibetga sayohat qiladi va ilm izlab, o‘nlab kitoblarni mutolaa qiladi. Rohib bilan uchrashib, unga: «Men tog‘ cho‘qqisida o‘tirib, donolikka erishish uchun barcha kitoblarimni o‘zim bilan oldim», deydi. Shunda rohib unga tog‘ yo‘li bo‘ylab muqarrar qor bo‘ronlaridan boshpana tomon yo‘lni ko‘rsatadi. Shunday qilib, Myurrey barcha kitoblari bilan toqqa ko‘tariladi va o‘sha yerga yetib borgach, to‘rtta ustunni topadi. Uy yo‘q, tom yo‘q, atrofda qor bo‘roni. Tirik qolish uchun Myurrey barcha kitoblarini yoqishga majbur bo‘ladi. Xulosa: donolik kitoblarda va boshqa narsalarda emas, donolikка boshqa yo‘llar bilan erishiladi.

Menimcha, Qodiriy ma’naviy kayfiyatda bo‘lgan: inson moddiy narsalarni qidirganda, dunyo unga xohlagan narsasini bermaydi. Moddiy bo‘lmagan narsalarni izlash kerak.


Ammo sizga to‘g‘risini aytishim kerak. Bugun bir yosh talaba mendan: «Siz «O‘tkan kunlar»ni o‘qib, hamma narsani tushundingizmi?» deb so‘radi. Men: «Yo‘q, albatta yo‘q», dedim. Men «Oq kit» asarini o‘n martalab o‘qiganman, u juda ajoyib, mening sevimli romanlarimdan biri. Shuningdek, Folkner, Prust ham. Ushbu mualliflarni tushunish uchun ularning asarlarini o‘n martalab o‘qish kerak.

— Sizningcha, Abdulla Qodiriy romanиda o‘z aksini topgan jadidchilik g‘oyalari bugun hayotga tadbiq qilinyaptimi?

— Albatta. Men propagandachi emasman va hatto O‘zbekiston hukumati bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olamanmi yoki yo‘q, bu meni qiziqtirmaydi. Men har doim o‘zim ishongan narsamni aytaman va rostini so‘zlayman. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganida men unga shubha bilan qaradim. Bunga haqli ham edim. Bundan tashqari, menda mamlakat kelajagi uchun qo‘rquv paydo bo‘ldi. Men tanimaydigan yangi inson bilan ahvol yanada yomonlashishi mumkinmi deb o‘ylab qoldim.

Men o‘zim uchun har qanday holatda siyosatdan uzoqroq turaman deb qaror qilganman, ammo jadidlar to‘g‘risida prezident Mirziyoyevga bog‘lagan holda gapiraman. Islohotlar haqiqatan ham boshlanganiga chinakam ishonishga majbur qilgan bir qancha voqealar bo‘ldi.

Bir kuni ertalab hamkasbimdan xabar oldim. U menga shunday deb yozgan edi: «Men sizga videorolik yuboraman, siz ko‘zlaringizga ishonmaysiz». Men video tomosha qilyapman, unda prezident Mirziyoyev bir guruh mullalar bilan suhbatlashmoqda. U juda tez gapirardi, uni tushunishim qiyin edi. O‘shanda u: «Eshitib qo‘yinglar, agar sizlarda „kundoshlik“ borligini bilsam, bu noqonuniy, sizlarni ishdan bo‘shataman» dedi. So‘ngra esa u «O‘tkan kunlar»ga murojaat qildi: «Buyuk adiblarimizdan biri Abdulla Qodiriy ko‘pxotinlilikning zarari haqida gapirgan». Men quloqlarimga ishonolmasdim.

Yana bir voqea — Vashingtonda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vaxabov bilan uchrashuv. Men Bi-bi-siga intervyu berdim, keyin elchixonaga taklif qilishdi. O‘sha paytda elchi endigina akkreditatsiyadan o‘tgan edi. Men shubha bilan qarardim, u yerda dunyoqarashi tor, sovet tipidagi odam bilan uchrashaman deb o‘yladim. Elchixonaga kirib esa, «Xudoyim, bu yigit yosh va odamlarga ochiq» deb o‘yladim.

Men dunyodagi eng obro‘li akademiyalardan biri bo‘lgan Harbiy-dengiz kuchlari akademiyasida ishlaganman. Bu dunyodagi kirish eng qiyin bo‘lgan universitet, chunki unga kirish uchun sizga prezident, vitse-prezident, mudofaa kotibi, senator yoki kongressmenning tavsiyanomasi kerak. Men chindan ham yaxshi rahbarlarni uchratganman va yaxshi rahbar qanday bo‘lishi kerakligini bilaman. Shunday qilib, ro‘paramda elchi Vaxabov тuрарди va u aniq sovet diplomati emas edi. O‘sha paytda men «sobiq Sovet» (former Soviet) iborasini ishlatishni to‘xtatishim kerakligini angladim. Bu endi dolzarb emas. Bu faqat mamlakat tarixining ma’lum bir qismiga nisbatan ishlatilishi kerak.

Keyin o‘zimcha o‘yladim: «Bu yangilik». Men Garvard, Jorjtaun, Oksford bitiruvchilari — yosh xodimlar va mehmonlarga e’tibor qaratdim. Ularning ba’zilari haqiqatan ham yirik biznesmenlar va bankirlar edi. Men o‘ylardim: «Yigirma yil davomida AQSh va Yevropadagi barcha almashinuv dasturlari o‘z samaralarini beribdi: o‘zbekистонликлар совет tipiga umuman o‘xshamagan shaxslarni tarbiyalashibdi». Bu O‘zbekistonning kelajagi. Bu kelajakda qaror qabul qiluvchi shaxslar. Umid qilamanki, Vaxabov ulardan biri.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida Mark Rizga «Do‘stlik» ordeni topshirilmoqda.

Shubhasiz aytishim mumkinki, elchixona har qachongidek ham faol ishlayapti. Bu Mirziyoyev unga kun tartibini amalga oshirishda vakolat berganidan dalolatdir. Gap faqat Vaxabovda emas. Vaxabov nihoyatda iste’dodli kadr, ammo aynan uning rahbariyati u amalga oshirayotgan ishlarni qilishga ruxsat bergan. Men haqiqiy o‘zgarishlarni ko‘ryapman.

O‘zbekiston bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga tashlamoqda. Bu islohot jarayonida sodir bo‘ladigan holat. O‘zbekistonliklar islohot nima ekanligini o‘zlari hal qiladigan ijtimoiy shartnoma shakllanib bormoqda. Bino yoki boshqa bir narsalarning qurilishiga qarshi chiqishlar — 15 yil oldin bu kabi ishlar hech kimning xayoliga kelmagan. Men Karimov rejimini tanqid qilayotganim yo‘q. Men shunchaki hamma narsa global miqyosda o‘zgarganligini aytyapman, O‘zbekiston hukumati globallashuvga moslashmoqchi bo‘lsa, o‘zgarishi kerakligini tan oldi.

Ha, men qamoqqa tushishdan qo‘rqmasdan o‘z fikrlarini ifoda eta oladigan erkin jurnalistlar va bloggerlarni ko‘rmoqchiman, lekin prezidentga ham og‘ir yuk meros bo‘lib qoldi deb o‘ylayman. U ulkan tizimni meros qilib oldi. Menimcha, u haqiqatda bu tizimni qayta isloh qilmoqchi, lekin [ushbu tizimni boshqarishga] o‘zingiz urinib ko‘ring. Nima qilasiz, butun O‘zbekiston hukumatini ishdan bo‘shatasizmi? U amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlar asos yaratmoqda. Avvalgi rahbariyatga hurmat izhor qilgan holda shuni aytish lozimki, mamlakat hamma narsani qayta boshlashiga to‘g‘ri keldi. Lekin ortingizda yangi tizimni yaratish bo‘yicha kam bo‘lsa ham tajriba bor.

Odamlar o‘zgarishlarni xohlashadi, lekin o‘zgarishlar ularning shartlari asosida amalga oshishi kerak.

Sizning jamiyatda konservativroq qatlam mavjud. 90-yillarda men ro‘mol o‘ragan ayollarni ko‘rmasdim. An’anaviy musulmoncha urf-odatlarni ko‘rish uchun Qo‘qonga yoki Marg‘ilonga borish kerak edi. Endi buni Toshkentda ham ko‘ryapman. Toshkentda ilgari odamlar ko‘ylak va yubka kiyib yurishardi, ammo hozirda Islomning konservativ namoyishini ko‘proq ko‘ryapman. Men bundan qo‘rqmayman, lekin bu shunchaki belgi.

Men aslida qo‘rqayotgan narsamni hazil bilan izhor qilaman: Toshkent o‘zgaryapti, lekin o‘zgarmayapti. Toshkentda o‘zgarmagan bir narsa shundaki, o‘zbeklar avvallari qanday bo‘lishgan bo‘lsa, shundayligicha qolishgan, ammo ularga endilikda o‘zlarining fikrlarini va o‘zliklarini namoyon qilishlari uchun ruxsat berildi.

Men O‘zbekistonning qora kunlarini ko‘rganman. Hozir sizlar amalga oshirayotgan islohotlar 1930-yillardagi jadidlarning orzusi. Ular mustaqil respublika haqida orzu qilishardi. Siz 1991 yilda mustaqillikka erishdingiz, ammo islohotlarni hozir amalga oshiryapsizlar. Jadidlar turli e’tiqodlarga ega edilar, ammo ular o‘zbeklarning o‘zbeklar ovozida gaplashishini, o‘zlarining hikoyalarini o‘zlari aytib berishni xohlashardi.

Mark Riz Chilonzorda mahalliy rassom Abdulla Qodiriyning she’rini chizgan devor oldida.

Agar ayol ro‘mol o‘rashni xohlasa, unda «gap yo‘q», bu mening ishim emas, bu uning qarori. Ayol qanday qaror qilsa, u shunday kiyinadi. Faqat umid qilamanki, eri uni majburlamagan. Meni ushbu islohotlarda tashvishga soladigan yagona narsa — odamlar o‘zlari qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari. Men konservatizm yoki liberalizm tarafdori emasman. Men faqat o‘zbeklar o‘zlarining hikoyalarini o‘zlari aytib berishlarini istayman, aks holda ularning hikoyasini boshqalar aytib beradi.

— Siz tarjima qilgan «O‘tkan kunlar» romanining ingliz tilidagi versiyasini oddiy O‘zbekiston fuqarosi topa olmaydi. O‘zbekistonликлар sizning kitobingizni bemalol sotib olishlari uchun nima qilish kerak?

— Men rivojlantirishni xohlagan dasturim bor. Bu «Muloqot» madaniy dasturi. Men uning ustida ko‘p yillar davomida ishlayapman. Uning doirasida Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asarini tarjima qilmoqchiman, Netflix platformasi uchun «O‘tkan kunlar» filmi ssenariysini yaratmoqchiman va «O‘tkan kunlar» bo‘yicha materiallarni maktab tizimida joriy etish uchun moslashtirmoqchiman, shunda romandagi qadriyatlar butun maktab tizimiga tarqaladi. Propaganda sifatida emas, balki bolalar o‘zlarining milliy adabiyotlarini bilishlari uchun. Men propaganda qilishni xohlamayman. Men bolalar ko‘proq o‘qishlarini va kimning avlodi ekanligini bilishlarini istayman.

Hamma mendan so‘raydi: «O‘tkan kunlar»ni qanday sotib olsam bo‘ladi?» deb. Men ularga: «Sotib olishning keragi yo‘q», deb aytaman. Men vazirliklar bilan kitoblarni bepul taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdaman, faqat ularni sotuvga chiqarmaslik va maktablarga tarqatish sharti bilan. O‘quvchilar kutubxonalarda, maktablarda tarjimani bepul olishlarini istayman. O‘zbekiston hukumati maktabdagi o‘quvchilarda kitobning nusxasi bo‘lishi uchun asarni kichik tirajlarda chop etishni subsidiyalashtirsa ham bo‘ladi. Men hammaga aniq tushuntirdim: men kitobni faqat sayyohlarga yoki tadbirkorlarga sotaman.

Ushbu loyiha to‘liq o‘zimning hisobimdan moliyalashtirilgan. Men loyihaga juda ko‘p pul va vaqt sarfladim va undan bir sent ham ishlamadim. Men sotganimdan ko‘ra ko‘proq kitoblar berib yubordim. Men talabalar ustidan pul ishlay olmayman. Mening kitobimni o‘qishni istagan qaysidir bir qishloqlik bola buning uchun 25 dollar to‘lashi kerakligini tasavvur ham qila olmayman — hech ham!


Men juda aniq aytdim: menga yordam kerak. Bilasizmi, menga juda ko‘p maqtovlar keladi: «Mark, endi qaysi kitobni tarjima qilmoqchisiz?». Men «Bilmayman, menga yordam kerak», deyman. Menga grant yoki boshqa rasmiy moliyalashtirish yo‘lini bering. O‘ylaymanki, buni O‘zbekiston hukumati tushunadi.

Menimcha, O‘zbekiston menga o‘xshagan ko‘plab xorijiy mutaxassislarni jalb qilishi kerak. Hamkorlik — bu yaxshi. Siz odamlardan yangi g‘oyalar olasiz, professional va yaxshi inson sifatida rivojlanasiz. Hamkorlikdan qo‘rqmaslik kerak, uni izlash kerak.

Intervyuni Jahongir Azimov va Davlat Umarov tayyorlashdi.