«U soddadil, siyosatdan yiroq». Dilruh Isomiddinova – qishloq ayolining hayoti haqida

«Qishloq hayoti faqat "chiroyli kadrlardan" iborat emas». Fotojurnalist Dilruh Isomiddinova qishloq ayolining hayoti haqida fotosuratlarda hikoya qiladi.

Suratlar tavsifini oqish uchun ularning ustiga bosing.
Qishloq hayoti faqat “chiroyli kadrlardan” iborat emas. Og‘ir mehnat, tig‘iz va yugurik olamdan yiroq hayot, sodda va to‘pori xalq, turmush muammolari va yetishmovchiliklar yurakni tirnashi bilan bir qatorda, suratga muhrlashga ham majbur qiladi.

Qishloq hududlaridagi pardoz-andozdan, so‘nggi urfdan, ijtimoiy-siyosiy hayotdan yiroq, butun umrini oilasi, ro‘zg‘ori, farzandlari, qaynona-qaynota xizmatiga bag‘ishlagan qishloq ayollarining hayoti yoritilishi, ularga eʼtibor qaratilishi zarur bo‘lgan masala.
Qishloqlik ayol daladan qaytmoqda. Qishloq hududlarida aksar holatlarda ayollarga dala ishlarida yosh go‘daklari, farzandlari hamrohlik qiladi.
U pardoz qilmaydi. Uning so‘nggi urfdan xabari yo‘q. U soch turmaklashni bilmaydi. Baʼzan hattoki jamiyatda qanday yangiliklar bo‘layotganidan bexabar. U siyosatdan yiroq. Unga bugun bolasi qorni to‘q uxlasa, mollari sug‘orilgan, ekinlariga suv ochilgan bo‘lsa kifoya.

U soddadil, biroz to‘pori. Turmush tashvishlaridan oftobmisol yuzlariga barvaqt ajin tushgan, nozik qo‘llari baʼzida ketmon, belkurak, baʼzida o‘tin chopish uchun bolta ushlab qavargan oila go‘zali. Injiqqina qaynonasining asossiz dakkilariga, erining baʼzi tajangliklariga, kichkintoyining xarxashalari-yu bekorchi qo‘shni ayollarning g‘iybatlariga ko‘nikib, ich-ichida o‘tayotgan har kuniga shukrona aytib yashab kelayotgan beozor, mushfiq, jannati xilqat...
Qishloqlik kelin qaynotasiga yerlarni chopiq qilib, begona o‘tlardan tozalashga yordam bermoqda.
Qishloq ayoli xonadonidagi ko‘rpa-to‘shaklarni oftobda toblamoqda. Stol-stulga nisbatan ko‘rpachadan ko‘proq foydalanadigan qishloq aholisi uchun ularni oftobda toblab turish odatiy yumush.
реклама
реклама
Qishloq – poytaxt emas. U yerda tunu-kun gaz, “svet”, suv bo‘lmaydi. Qishloq ahli hayotini dvijok, gaz ballon, quduq, “kachalka”siz tasavvur qilish qiyin. Maxsus transportlarda har oy suv keltirilib, quduqlar to‘latib olingach, undan mol-holni sug‘orish va isteʼmol uchun foydalanishadi.
Ekinlarga esa maxsus moslama bilan yer ostidan suv chiqazib ishlatiladi. Baʼzi qishloqlarda aholi hatto bir umr chuchuk suv taʼmini bilmay o‘tishadi. Shaharlarda qishloq aholisi orzu qiladigan chuchuk suvning qadriga yetishmaydi.
“Oqma” gaz yo‘q bizda, deydi qishloqlik yanga. Ular o‘choq-tandirning achchiq tutunini hidlab, gaz ballonda choy qaynatib yashaydi.
Hayit arafasida buvim yog‘ dog‘lab, bo‘g‘irsoq pishirmoqda.
Qishloqda “Mol bu jondir”, deydilar. Molingiz bo‘lsa, farzandingiz sut-qatiq ichib to‘q yuradi. Noningiz, oshingiz, izg‘irinda pechkada yoqadigan tappingiz ham shu moldan. Shu sabab, bu yerda bir dona bo‘lsa ham sigir-qo‘yi bo‘lmagan xonadonni topolmaysiz.

Tong saharda hali quyosh chiqmay turib ayollar chorvasiga yem-xashak, suv beradi. Sut sog‘ib, nonushta tayyorlaydi. Bu yumush tushdan so‘ng ham takrorlanadi.
Shahardan farqli o‘laroq, qishloq xonadonlarida jonivorlardan xabar olish uchun biror kishi bo‘lishi kerak. Aksar hollarda bu ish asosan ayollar va bolalar zimmasiga tushadi.
Qishloqlik ayol dalada sigir sog‘moqda. Qishloq aholisining birlamchi ehtiyoji asosan sut mahsulotlari bo‘lganligi sababli har bir oila kamida bitta sigir boqadi.
реклама
реклама
Yanganing turmush o‘rtog‘i hazil aralash, rafiqasiga yaqinda olib bergan separatorini maqtab, "Yaqinda yangi “zavod” ochdim, sutni qayta ishlash zavodi. Bitta bo‘sh ish o‘rni yaratib, bir nafar ishsizni ish bilan taʼminladim, mana, qo‘ni-qo‘shniga sut, qaymoq, qatiq sotib turibmiz", – deydi qitmirona jilmayib.
Ro‘zg‘ordan ortgan sutdan turli sut mahsulotlari tayyorlanib, ro‘zg‘ori kattaroq yoki talabgor qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatiladi.
Separatordan sut o‘tkazish muhim va shu bilan birga, ayniqsa, bolalar uchun qiziq jarayon. Shuning uchun bolakaylar birin-ketin “separatorchi” yonida go‘yoki ular uchun mo‘jizadek bo‘lgan bu moslama haqidagi turli savollar bilan uni band qilib turishadi, ayolga yordam berish ilinjida jarayonni kuzatishadi.

Baʼzan bayramlarda boshiga o‘ragan bitta yangi ro‘mol yoki ko‘zi ostiga surilgan surma ham uni shu darajada go‘zallashtirib yuboradiki... Mehmonga borgandagi bolali qishloq ayolini kuzatganmisiz? Bolasini qo‘yniga olib, uning hojatini o‘ylaydi, qornini to‘qlasam, ko‘ngliga qarasam deydi.
Ona yumushlari qanchalik ko‘p bo‘lishiga qaramay, farzandiga ziyon yetsa
barcha ishlarini unutib uning yoniga shoshadi.
Shaharliklar uchun noodatiy va hatto g‘ayritabiiy tuyilgan ko‘p holatlar qishloq aholisi uchun oddiy bir hol. Boshqa tomondan, qishloq hududlari ko‘p jihatdan eʼtiborga muhtoj.
Qishloq hayoti qanchalik tig‘iz va og‘ir bo‘lmasin, qavm-qarindoshlar bilan diydor ko‘rishganda dunyo tashvishlari unutiladi. Ushbu suratda Hayit bayramida yangi kelinchakni mehmonga taklif qilishgani aks etgan.
Suratlar muallifi: Dilruh Isomiddinova
Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.

Biz o‘z manbalarimizda ishlarni notijoriy asosda
eʼlon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting