O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatda tashqari kongressida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi iste’foga chiqarilganligini ma’lum qildi.

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning yangi murabbiyi kim bo‘lishi 1 oy ichida hal qilinishi kutilmoqda. Bunda Yevropalik mutaxassislar ham, mahalliy murabbiylar nomzodi ham ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, jamoa sardori Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.

«Asosiy muammolarimizdan biri biz bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganmiz. Fundament bo‘lmaganidan keyin natija ham bo‘lmaydi. Milliy jamoadagi faoliyatimni yakunladim», — dedi u.

Jamoa yarimhimoyachisi Aziz Haydarov va bosh murabbiy Vadim Abramov muxlislardan mag‘lubiyat uchun uzr so‘rashdi.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘ychia O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2022 saralashi doirasidagi Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va saralashning 3-bosqichiga chiqa olmadi.