O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deb xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Birinchi bosqichda — 2022 yil 1 iyulgacha Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi 15 ta hududda 180 ming kishi istiqomat qiladigan 1227 ta uy uchun yangi boshqaruv va xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. May oyining oxirida prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatovga 14 ta shahardagi 1100 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalarini tajriba sifatida tanlab olishni topshirgan edi.

Ushbu 15 hududda 90 ta avtoturargoh, 128 ta chiqindi yig‘ish punkti, 3400 ta yakka tartibdagi uylar (uchastkalar), 30 ta maktab, 64 ta bolalar bog‘chasi va 9 ta oliy o‘quv yurti mavjud.

Ushbu hududlar quyidagi vazifalarni bajaradigan boshqaruv xizmati kompaniyalariga beriladi:

  • tanlangan hududlarda joylashgan barcha xususiy uylar va tashkilotlarga kommunal va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish;
  • mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
  • eng qisqa vaqt ichida turli xil baxtsiz hodisalarni bartaraf etish uchun tunu kun dispetcherlik xizmatini tashkil etish.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri yordamchisi Artyom Kreskosning aytishicha, ko‘p qavatli uylarni boshqarish va umumiy mulkni saqlash, shuningdek, tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ochiq tender o‘tkaziladi.

«Mazkur hududlardagi maktablar, bolalar bog‘chalari, litseylar, kollejlar va boshqa ijtimoiy obyektlar ham boshqarish va ta’mirlash uchun beriladi… Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ushbu boshqaruv kompaniyalari faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi va muammoli masalalar vujudga kelsa, ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘riladi», — dedi u.

Boshqaruv kompaniyalari davlat buyurtmachilariga, maktablarga, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, kasalxonalarga aloqa, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun ruxsat olishlari ham mumkin bo‘ladi. Barcha ishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, boshqaruv kompaniyalari tegishli tashkilotlar xabarnomasi asosida kommunal xizmatlar va tarmoqlar bilan bog‘liq ishlarni qurish va ularga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

«O‘zbekiston 24» telekanali xabariga ko‘ra, bugungi kunda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining («JEK») 1,4 trillion so‘mlik qarzdorligi bor, shundan 277 milliard so‘m muddati o‘tgan qarzlardir.

Shu munosabat bilan boshqaruvni «JEK"lardan boshqaruv kompaniyalariga o‘tkazilgandan so‘ng, mahalliy hokimliklarning kafolatlari asosida muddati o‘tgan qarzlar bo‘yicha to‘lovlar uch yilga uzaytiriladi.

2022−2025 yillarda 6085 ta ko‘p qavatli uyni kapital ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maqsadlar uchun 734 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ushbu ishlarni moliyalashtirish manbai Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish jamg‘armasi (30%) va davlat byudjeti (70%) hisobidan shakllantiriladi.

Ushbu davr mobayni tutash hududlarda 1800 ta bolalar maydonchasi qurish, 168 ming pogonometr uzunlikdagi sug‘orish tarmoqlarini va 1 million kvadrat metrdan ortiq piyodalar yo‘lagini betonlashtirish, 14,5 mingta tashqi yoritish moslamalarini almashtirish rejalashtirilgan.

2021 yilda ushbu reja doirasida foydalanish muddati tugagan yoki yakunlanib qolgan 544 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlanadi. Shu bilan birga, 211 ko‘p qavatli uy yangidan barpo etiladi, 75 tasi rekonstruksiya qilinadi, 276 ta uyda instrumental va me’moriy ishlar olib boriladi. UJKXKV renovatsiyasi uchun davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, har bir xonadon egasining shaxsiy hisobvarag‘i bo‘ladi va u orqali barcha xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshiriladi.

Uy-joylarni kapital ta’mirlash rejasi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, ushbu xarajatlar smetasi 30 foizi uy egasining hissasi, qolgan 70 foizi respublika va mahalliy byudjetlar o‘rtasida teng taqsimlangan holda tuziladi.

2021 yil 1 oktyabrdan keyin qurilgan uylar 2 yilga qurilish tashkiloti boshqaruviga o‘tkaziladi.

Bundan buyon kadastr pasportida «uy egasi, maydoni va xususiyatlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar» bo‘lishi kerak. Artyom Kreskosning aytishicha, har bir hudud va uyda o‘z kadastr hujjati bo‘ladi, bu hokimliklar va boshqaruv kompaniyalari huzuridagi obodonlashtirish bo‘limlari vazifalarini taqsimlash olishga imkon beradi.

Bundan tashqari, notarius idoralari potensial xaridorga ma’lum to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘risida xabar beradi. Kvartira sotib olayotganda xaridor qarzni to‘lashning huquqiy vorisiga aylanadi.

Prezident qaroriga binoan, bundan buyon uylarga tutash hududlarda yangi inshoot qurish uchun yaqin atrofda yashovchi uy egalarining 80 foizdan ko‘p ovozini olish kerak. Bu kreditlar va boshqa qarz majburiyatlarini jalb qilish masalalariga ham tegishli bo‘ladi.

Bunga qadar aholining 50 foizini yig‘ish kifoya qilar, ularning yarmi bunga qarshi bo‘lmasa, bu masala quruvchi yoki boshqaruvchi kompaniya foydasiga hal qilindi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Dilmurod Xabibullayevning aytishicha, ilgari «JEK"lar aholining oz qismi roziligi bilan kredit olgan va xarajatlar to‘g‘risida hisobot bermagan. Unga ko‘ra, endi ko‘p qavatli uylar uchun kredit olish uchun 80 foiz rozilik talab etiladi va sarf-xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oy yoki chorakda e’lon qilinishi kerak.

Bundan tashqari, uy-joylardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan minimal xizmatlar va ishlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Farmon bilan boshqaruvchi kompaniyalarining elektron reyestri shakllantirilib, ularning reytingi aniqlanadi.

2021 yil 1 avgustdan boshlab sinov o‘tkazilayotgan hududlarda, 2022 yildan boshlab butun respublika bo‘ylab uy egalarining identifikatsiya raqami, shuningdek, hisob-kitob tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birgalikda, Uy-joy inspeksiyasining vakolatlari kengaymoqda. Bundan buyon inspeksiya inspektorlari aholi tomonidan olib borilayotgan ta’mirlash va qayta qurish ishlarining borishini kuzatib borish huquqiga ega. Shuningdek, ular ko‘p qavatli uylar qurilishi tugagandan so‘ng aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarni aniqlash va materiallarni huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishlari mumkin.