Kaliforniyada issiq ob-havo tufayli favqulodda holat joriy etildi

AQShning Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom ba’zi hududlarda havo harorati deyarli 48 darajaga (Selsiy bo‘yicha) ko‘tarilgani tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, aholining konditsionerlardan faol foydalanishi tufayli davlatning energiya tizimiga ortiqcha yuk tushishi xavfi mavjud, bu esa tizimning o‘chib qolishiga olib kelishi mumkin. Gubernator shtat aholisini energiyani tejashga, xususan, bir necha kun kir yuvish va idish yuvish mashinalarini ishlatmaslikka chaqirdi. Nyusom, shuningdek, benzin va dizel generatorlari kabi zaxira quvvat manbalaridan foydalanish bilan bog‘liq ba’zi atrof-muhit cheklovlarini yumshatishga ruxsat berdi.

O‘tgan yili yozda anomal issiq ob-havo kuzatilgan paytda Los-Anjelesda havo harorati 49,4 darajaga yetgan edi. O‘shanda shtatda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 200 mingdan ortiq kaliforniyalik 20 yil ichida ilk bor bir necha kun davomida elektrsiz qolgan edi. — TASS.

Shuningdek: AQSh prezidenti Jo Bayden «Qulchilikni bekor qilish milliy kuni» to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, 19 iyun esa rasmiy ravishda federal bayram deb e’lon qilindi. 16 iyun kuni AQSh Kongressining Vakillar Palatasi ko‘pchilik ovoz bilan ushbu hujjatni qabul qilib, imzolash uchun prezidentga yuborgan edi.

Foto: Jo Bayden hujjatni imzolaganidan so‘ng. EPA/Vostock-photo

AQShda qullarni ozod qilish to‘g‘risida Avraam Linkoln (AQSh 16-chi prezidenti) tomonidan 1865 yil 19 iyunda e’lon qilingan.


Ispaniyada niqob taqish rejimi bekor qilinadi

Ispaniyada 26 iyundan boshlab COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy qilingan niqob taqish rejimi bekor qilinadi. «Bu so‘ngi hafta. Yaqinda yuzlarimiz va ko‘chalarimiz avvalgi qiyofasiga qaytadi», — dedi bosh vazir Pedro Sanches. Sanchesning ta’kidlashicha, mazkur holat Vazirlar Kengashining navbatdagi yig‘ilishida, 24 iyun kuni tasdiqlanadi. — Interfaks.

Avvalroq Fransiya va Isroilda niqob taqish rejimi bekor qilingani haqida xabar bergan edik.


Moldovada 2025 yilgacha Ruminiya bilan birlashish rejasi taqdim etildi

«Ruminlarni birlashtirish uchun alyans» nomli Moldova partiyasi Ruminiya bilan birlashish rejasini taqdim etdi. Hujjatda Moldovani Ruminiya bilan birlashtirishga 2025 yilgacha erishish mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu partiya 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan oldin parlament saylovlarida ishtirok etadi. Partiyada birlashish «Moldova hududidagi turmush darajasini tezda Ruminiyadagi turmush darajasiga yaqinlashtiradi», deb hisoblashmoqda. Siyosatchilarning so‘zlariga ko‘ra, 30 yillik mustaqillik davrida Moldova Respublikasi o‘z aholisining farovonligi va xavfsizligini ta’minlay olmagan.

Bundan avval «Moldova Vatanparvarlari» siyosiy partiyasi mamlakatning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilishi masalasida referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan edi.


2020 yilda qochqinlar soni 4 foizga oshgan — BMT

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, dunyoda urush va zo‘ravonlikdan qochganlar soni 2020 yil davomida 4 foizga o‘sib, deyarli 82,4 mln kishiga yetdi. 2019 yil oxirida ushbu ko‘rsatkich 79,5 mlnni tashkil etgan.

48 mln kishi o‘z mamlakatida uysiz qolgan. Yil davomida ularning soni 2,3 mlnga oshdi, bunga, birinchi navbatda, Efiopiya, Sudan, Sahel, Mozambik, Yaman, Afg‘oniston va Kolumbiya mamlakatlardagi inqirozlar sabab bo‘lgan. Hisobotda ta’kidlanishicha, uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlar orasida 42 foizi voyaga yetmaganlar. 2018 yildan 2020 yilgacha 1 mlnga yaqin bola qochoqliq paytida to‘g‘ilgan. Shuningdek, o‘tgan yil davomida 3,4 mln qochqin o‘z uylariga qaytgan, yana 33,8 ming qochqin boshqa mamlakatlarning fuqaroligini olgan. — TASS.


Eronda prezident saylovlarida ovoz berish jarayoni boshlandi

Eronda prezident saylovlarida ovoz berish mahalliy vaqt bilan 07:00 da boshlandi. Saylov kuni respublika hududida 66,8 mingga yaqin saylov uchastkalari ochildi. Eron fuqarolari dunyoning yana 133 davlatida 234 saylov uchastkalarida ham ovoz berishlari mumkin. Saylovchilarning umumiy soni 52,31 mln kishi.

Nomzodlar orasida qarorlarning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha Kengash kotibi Mohsen Rezai, Oliy sud raisi Ebrahim Raisi, parlament raisi o‘rinbosari Amir Xusseyn Kazizoda Xoshimiy va markaziy bankning sobiq rahbari Abdolnaser Hemmati bor. Eronning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi, chunki u ketma-ket ikki muddat bu lavozimni egallab kelgan. — TASS.


Antoniu Guterrish BMT bosh kotibi etib tayinlandi

BMT Bosh assambleyasi Antoniu Guterrishni ikkinchi muddatga jahon tashkilotining bosh kotibi etib tayinladi. Guterresh BMT Bosh kotibi lavozimiga yagona nomzod bo‘lgan. Bosh kotiblik vakolati besh yillik muddatga belgilangan. — TASS.