16 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu yig‘ilishdan so‘ng Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z telegram-kanalida post qoldirdi.

«Bugungi selektorda ham Prezidentimiz ta’lim sifatini yaxshilash uchun asosiy urg‘uni o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish zarurligiga qaratganlari, kelgusi yillardagi Davlat Byudjetini tasqidlovchi ba’zi deputatlarimizni ham to‘g‘ri xulosa qilishga undaydi deb umid qilamiz…», — deyiladi xabarda.

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev Twitter tarmog‘ida Sherzod Shermatovning mazkur posti aks etgan surat ostiga izoh yozib qoldirdi. G‘aniyev ushbu masala «deputatlarga bog‘liq emasligini yaxshi bilgan» Shermatov vaziyatdan foydalanib, «piar» qilgan deya ta’kidlagan.