Metro Plaza kompaniyasi Toshkentdagi gazeta majmuasini («Gazeta korpusi» nomi bilan mashhur) sotib olish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Bino poytaxtning Mirobod tumanidagi Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari kesishmasida joylashgan. Umumiy yer maydoni 1,2 gektarni, bino va inshootlarning maydoni 19152 kv.m ni tashkil etadi, shundan qurilish uchun 17863 kv.m ajratilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Metro Plaza binoni 78 mlrd so‘mga xususiylashtiradi.

Metro Plaza kompaniyasi haqida

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Metro Plaza MCHJ 2021 yil 21 aprelda 20 mlrd so‘mlik ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyati — biznes va menejment masalalari bo‘yicha konsalting. Kompaniya asoschilari Mirodil Fozilov (50%), Xasan Mamasaidov (25%) va Xusan Mamasaidov (25%), rahbari Oyatullo Asqarov.

Aka-uka Mamasaidovlar Office Market (poligrafiya), Dekos (reklama mahsulotlari va biznes sovg‘alarini yetkazib berish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan) kompaniyalariga hamda MFaktor loyihasi (biznes va tadbirkorlik haqidagi YouTube loyihasi) ga asos solgan taniqli tadbirkorlar hisoblanadi.

Mirodil Fozilov ham turar-joy binolari qurilishiga ixtisoslashgan Oazis Lux Investments (50%, Oazis mehmonxonasi) va Royal Central Development (100%) kompaniyalarining ulushiga egalik qiladi.

Bundan avval, Tashqi ishlar vaziri o‘g‘li Doniyor Kamilov asoschisi sifatida ko‘rsatilgan Metropol Group kompaniyasi 210 mlrd so‘mga «Sayilgoh»da joylashgan Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosini xususiylashtirayotgani haqida xabar bergan edik.