16 iyun kuni Jenevada AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammiti bo‘lib o‘tdi. Putin va Bayden davlat rahbarlari sifatida ilk bor shaxsan uchrashuvdi.

Sammit tor doirada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida boshlandi. So‘ngra muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Maslahatlashuvlar jami bo‘lib uch soat davom etdi.

AQSh va RF rahbarlari strategik barqarorlik, kiberxavfsizlik, inson huquqlari, Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy ishi, Ukraina, Belorusiya va Afg‘onistondagi vaziyat, savdo aloqalari va boshqalarni muhokama qildi. Sammitdan keyin qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazilmadi, Bayden va Putin jurnalistlar oldiga alohida chiqishdi.

Birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan Vladimir Putin sammitda «hech qanday dushmanlik bo‘lmagani» va «uchrashuv prinsipial tarzda o‘tkazilganini» ta’kidladi. U AQSh va Rossiya elchilari Moskva va Vashingtonga qaytishini ma’lum qildi. Shuningdek, mamlakatlar kiberxavfsizlik bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Ukraina masalasida Putin bu mamlakatning NATOga a’zoligi to‘g‘risida «muhokama qilinadigan narsa yo‘q» dedi. U Kiyevni Ukrainaning sharqidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Minsk kelishuvlarini buzganlikda aybladi va Rossiya o‘z hududida mashg‘ulotlar o‘tkazayotganini ta’kidladi.

RFda qamoqqa olingan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy haqida berilgan savolga Putin «bu odam Rossiyada amaldagi qonunni buzayotganini bilgan» va «qasddan hibsga olinish sari ketgan», deb javob berdi. Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi ekstremistik tashkilot deb e’lon qilindi, chunki u tartibsizliklarga chaqirgan va Molotov kokteyllarini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan, dedi Putin.

Rossiya rahbarining ta’kidlashicha, prezidentlar bir-birlarini mehmonga taklif qilmaganlar, chunki «bunday tashriflar uchun sharoitlar pishib yetilishi kerak». Uning ta’kidlashicha, Jo Bayden «juda konstruktiv» va «juda tajribali» shaxs ekanligini qayd etib, uchrashuv yakunlari bo‘yicha «hech qanday illyuziya yo‘qligi va bo‘lishi mumkin emas"ligini qo‘shimcha qildi. «Bunday vaziyatda qandaydir oilaviy ishonch bo‘lishi mumkin emas, lekin, menimcha, uning uchquni miltilladi», — deb ta’kidladi Putin.

RF prezidentidan keyin so‘zga chiqqan Jo Bayden suhbat ohangining «yaxshi va ijobiy» ekanligini, «munosabatlarni yaxshilashning haqiqiy istiqbollari» borligini va Putin, uning tasdiqlanishicha, sovuq urush bo‘lishini xohlamasligini qayd etdi.

Bayden AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar «barqaror va taxmin qilinadigan» bo‘lishi kerakligini va uning kun tartibi Rossiyaga qarshi qaratilgan emasligini ta’kidladi — «bu Amerika xalqi manfaatlariga javob beradi».

U AQSh prezidenti sifatida inson huquqlari buzilishiga qarshi gapirishga majbur ekanligini, shuning uchun u Aleksey Navalniy ishidan xavotirda ekanligini bildirdi. «Men unga (muxolifatchining o‘limi) oqibatlari Rossiya uchun halokatli bo‘lishini tushuntirdim», — dedi Jo Bayden.

AQSh hukumat veb-saytlariga kiberhujumlar uchun javobgar deb hisoblagan Rossiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalar to‘g‘risidagi savolga Bayden u Putinga AQShning muhim kiber salohiyatini ko‘rsatganini va agar Rossiya tomoni «asosiy qoidalarni buzsa», kiber tahdid bilan tahdid qilganini aytdi.

AQSh rahbarining ta’kidlashicha, uchrashuvda Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish masalasi muhokama qilingan. Unga ko‘ra, Putin ushbu mamlakatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun «yordam berishga» tayyorligini bildirdi. «Rossiya Afg‘onistonda terrorizmning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan juda manfaatdor», — dedi Jo Bayden.

Uning ma’lum qilishicha, AQSh va Rossiya Minsk kelishuvlari bo‘yicha diplomatik ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Bayden Belorussiyadagi vaziyatga kelsak, u o‘z tashvishlarini baham ko‘rgan va Putin «sodir bo‘lgan voqeaga rozi, shunchaki, u nima qilish kerakligi borasida boshqacha qarashga ega».

«Biz kelgusi olti-12 oy davomida strategik barqarorlik bo‘yicha chinakam muloqotimiz bor-yo‘qligini, mahbuslarni ozod qilish masalasida hamma narsani qildikmi — aniqlaymiz, tartibni tiklashga yordam beradigan kiberxavfsizlik bo‘yicha kelishuvlar mavjudligini bilib olamiz,» — deya ta’kidladi AQSh prezidenti.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Jo Bayden va Vladimir Putin strategik barqarorlik to‘g‘risida qo‘shma bayonot ham berishdi. Unda ular «yadroviy urushda g‘oliblar bo‘lishi mumkin emas va u hech qachon yo‘l ochib berilmasligi kerak» degan prinsipga sodiqligini yana bir bor tasdiqladilar va, shuningdek, AQSh va Rossiya yaqin vaqtlarda amaliy va jo‘shqin o‘tadigan strategik barqarorlik bo‘yicha kompleks ikki tomonlama muloqot yo‘lga qo‘yilishini tasdiqladilar.