14 iyun kuni Ishtixon hokimiyati matbuot xizmati xodimi «MY5» telekanalining xodimlari kamerasining xotira kartasini «yeb qo‘ygani» haqida xabar berilgan edi.

Mazkur holat 16 iyun kuni Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida o‘rganildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «MY5» telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov va hokimlik axborot xizmati rahbari Ilhom Boboyevning fikrlari, vajlari eshitilgan.

Viloyat hokimligining ta’kidlashicha, Ilhom Boboyev yong‘in bo‘lgan joy xavfli holatda ekanligini inobatga olib, yonib ketgan ustunlar odamlar ustiga qulashi mumkin, degan xavotirda fuqarolar tarqalgandan keyin tasvirga olasizlar, deb jurnalistdan kamerani o‘chirib turishni so‘ragan.

Natijada o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ammo telekanal xodimlari tasvirga olishni davom ettirgan. Matbuot kotibi kamera xotira kartasini (fleshka) olmaganligini, yutib yubormaganligini, bu gaplar asossiz ekanligini bildirdi. Biroq, tasvirga olmanglar, odamlar tarqalsin keyin tashkillashtirib beraman deb, operatorga aytib, kameraga teginganini aytdi.

«MY5» telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov ham boshida tuman hokimligi axborot xizmati rahbari tasvirga olishga qarshilik ko‘rsatganligini, keyinchalik esa muxbir tuman hokimi va boshqa bir qator fuqarolardan intervyu olganligini, matbuot kotibi bilan bozor hududini birga (boshqa fuqarolar ishtirokisiz) tasvirga olishganligini bildirdi.

Rabbonaqulov kamera xotira kartasini (fleshka) matbuot kotibi yutib yuborganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganligini, boshqalardan bu haqda eshitgani hamda o‘zi tayyorlagan lavhada ham va boshqa nashr muxbirlari bilan suhbatda ham «flesh xotira yutib yuborildi» degan so‘zni ishlatmaganligini bayon etdi. Kameraning ishdan chiqqanligi vaji bo‘yicha esa ayni paytda fotokamera ishlab turganligini, biroq, tasvir sifati biroz pastligini (tasvirlar qoraroq) aytdi.

O‘rganish yakunida ikkala tomonga ham qonunchilik talablari va tartib-qoidalar tushuntirildi.

Ishtixon tuman hokimining 16 iyundagi farmoyishi bilan Boboyev Ilhomjon Isoqovichga «Hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi ma’lum qilindi.

«MY5» telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulovga esa telekanal mulkiga ziyon yetkazilganligi vaji bo‘yicha asos mavjud bo‘lgan holatda sudga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi. Muxbir esa kamera buzilganligi holati bo‘yicha sudga murojaat qilmasligini, da’vosi yo‘qligini bildirdi.