16 iyun kuni O‘zbekiston hukumati Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida yangi bo‘linma — Jamoat salomatligini saqlashdagi favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish markazi ishga tushirildi.

Markaz AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ko‘magi bilan tuzilgan bo‘lib, bu markazlar ikkita xalqaro hamkor tashkilot — Sog‘liqni saqlash sohasida global integrallashuv korxonasi (IGH) hamda Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash fuqarolik jamg‘armasi (CRDF) — vositasida ish yuritadi.

Markaz ochilishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, markazning maqsadi SSVning jamoat salomatligini saqlashdagi xavf-xatarlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aniqlash va tezkor javob qaytarish salohiyatini mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, yangi bo‘linma SSV va boshqa hukumat idoralariga jamoat salomatligini saqlashdagi favqulodda vaziyatlar paytida boshqa hamkor tashkilotlar bilan aloqa olib borish, axborot boshqaruvi, safarbarlik, muvofiqlashtirish va hamkorlik olib borishda yordam beradi.

«Jamoat salomatligini saqlashdagi favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish markazining tuzilishi — bu katta ahamiyatga ega yutuq bo‘lib, u O‘zbekistonning o‘z fuqarolari sog‘ligi va hayotini muhofaza qilish g‘oyasiga sodiq ekanligining yaqqol isbotidir. Markaz ishga tushirilishini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu mamlakatga jamoa salomatligini saqlashdagi keskin vaziyatlarga javob qaytarish va ularga qarshi kurashishga tayyorgarlik ko‘rishdagi samaradorligini yanada oshirishda yordam berish biz uchun sharafdir», — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.

Qayd etilishicha, AQShning jamoat salomatligini saqlash sohasidagi agentligi hisoblangan CDC va O‘zbekistonning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati tomonidan markazni tuzish ishlari 2020 yilda boshlangan. Shu orada ekspertlar jamoasi milliy qonunchilik bazasini ishlab chiqdi, markaz doirasida ko‘p tomonlama hamkorlik olib borish yo‘l xaritasi yaratildi hamda milliy mutaxassislar guruhi ushbu markazni yuritish sohasida o‘qitildi.

AQSh hukumati COVID-19 munosabati bilan O‘zbekistonga 9 million AQSh dollaridan ortiqroq shoshilinch ko‘mak ko‘rsatdi, uning 2,1 million dollari CDC hissasiga to‘g‘ri keladi.