16 iyun kuni prezident «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga imzo qo‘ydi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Endilikda agentlik davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashni muvofiqlashtiradi va doimiy monitoring qilib boradi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni «Mening fikrim» veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

Ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirib, takomillashtirib boradi va yangilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashadi.

OAV orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga «davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi» madaniyatini singdirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldida hisobdorligini ta’minlash muhimligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etadi.

Bundan tashqari, Agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etiladi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.

2021 yil 1 dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari telekanallar, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatiladi.

Har yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi.

Shuningdek, «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.