Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur hudud avval tosh-shag‘al kareri bo‘lgan. Yerdan unumli foydalanish siyosati natijasida u ekinzorga aylantirildi. «Mega agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yerda Ispaniya texnologiyasi asosida issiqxona barpo etgan.


Issiqxonalarda «Aysberg» karami, pomidor, bodring, ularning ko‘chatlari va har xil ko‘katlar yetishtiriladi. Ularni O‘zbekiston bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, yiliga 1 mln 500 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada 100 ta ish o‘rni yaratilgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi «Rustamjon Zamin rivoji» fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini ko‘rdi.

Ma’lumotga ko‘ra, xo‘jalikda 55 gektardan ziyod yerga bug‘doy ekilgan. Uning har gektaridan 72 sentnerdan ziyod hosil olish kutilmoqda. Shundan 177 tonna davlat resurslari uchun sotiladi, 225 tonna o‘z ixtiyorida qoladi.


Ta’kidlanishiga ko‘ra, 13 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. G‘alladan bo‘shagan maydon takroriy ekin ekish uchun 200 nafar aholiga ajratib berilayotgani qayd etildi.

«G‘alla hosildorligini 100 sentnerga chiqarish choralarini ko‘rish kerak. Shunda fermerning ham, ishchilarining ham daromadi oshadi. Daromadi ko‘paysa, fermer ilmga e’tibor beradi, yangicha ishlashga o‘tadi, qo‘ni-qo‘shnisiga, yoshlarga foydasi tegadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerning o‘zida viloyat fermerlari, yoshlar vakillari bilan muloqot bo‘ldi.


«Bugun Andijonga kelishimdan maqsad odamlar islohotlarning foydasini sezyaptimi, ro‘zg‘orida o‘zgarish bo‘ldimi, xalqni rozi qilish uchun yana nimalar qilish kerak, degan savollarga javob topish. Yurib ko‘ryapman, albatta, o‘zgarish bor. Lekin bu bizni qoniqtirmaydi. Yanada ko‘proq ishchi joylar, mahallalarda sharoitlar qilishimiz kerak. Islohotlarning kuchi — mahallada», — deya ta’kidladi davlat rahbari.