Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni Andijon viloyatiga keldi. Izboskan tumanining Qo‘g‘ay mahallasi — eng chekka hududlardan biriga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Yaqinda ushbu mahallada «Sohib omad barakasi» klasteri tomonidan «And gold» tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirilgan. Davlat rahbari mazkur fabrika faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumotga ko‘ra, qiymati 2 mln 500 ming AQSh dollari bo‘lgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxona yiliga 3 mln 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, bu boradagi yillik imkoniyat 5 mln dollardan ziyod. Kalava ip yetkazib berish bo‘yicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.

Korxonada hozircha 830 nafar xotin-qiz ishli bo‘lgani ta’kidlab o‘tildi. Davlat rahbari ular bilan suhbatlashdi.


«Sizlarga o‘zimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. O‘zlaringiz yashaydigan qishloqda ishli bo‘lganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona bo‘lgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Ayol ishli bo‘lib, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, oilasi ham baxtli bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fabrika to‘la quvvatga chiqqanda, chekka hududdagi 1 ming 200 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi, deyiladi xabarda.