Hukumat qarori bilan Baxtiyor Maxkamov Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Huquqiy-axborot Telegram-kanali.

Baxtiyor Maxkamov (1985 y.t) Toshkent davlat texnika universitetini «Moliya menejmenti», shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetini «Menejment» (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisod fanlari doktori, professor unvoniga ega.

Bir necha yillar davomida u «Uzdunrobita» kompaniyasida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalarida ishlagan, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filialining mehnat iqtisodiyoti va menejmenti kafedrasida dars bergan.

2015 yilda u Elektromagnit moslashuv markazida ish boshladi, 2021 yilda markaz rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

50 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan 1 ta monografiya, 5 ta o‘quv qo‘llanma va 40 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Ilmiy maqolalari AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya, Indoneziya, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.