Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar festivalida maqom kuyladi. «Daryo» muxbirining xabar berishicha, viloyat hokimi maqom kuylayotgan bolalarning ijrosidan ilhomlangan holda sahnaga chiqqan.

Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayevning san’atdan xabardorligi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatda ham ta’kidlangan edi. Biroq hokim suhbat davomida blogerning qo‘shiq ijro etib berish borasidagi so‘rovini rad etgan edi.

Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida 2021 yilning 13−15 iyun kunlari «Biz Amir Temur avlodlari, unga izdosh bo‘lamiz!» shoiri ostida «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» deb nomlangan yoshlar festivali o‘tkazilgan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Festivalning ilk kunida «Hazrati Sulton» cho‘qqisiga O‘zbekiston va yoshlar festivali bayroqlari o‘rnatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Hazrati Sulton» cho‘qqisi 4643 metr (ayrim manbalarda 4030).

Festival doirasida turli sohalarda yutuqlarga erishgan yoshlar, jamoalar, hududlar, jurnalist va blogerlar pul mukofotlari bilan taqdirlangan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Festivalning bosh sovrini bo‘lgan «Qorabayir» oti 20dan ortiq xorijiy OTMga o‘qishga kirgan Qarshi shahridagi 44-maktab o‘quvchisi Shuhrat Yuldoshevga nasib qildi.