O‘zbekiston prezidenti 14 iyun kuni «Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 1 iyundan boshlab QQS to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Tijorat banklari tomonidan 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:

  • omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
  • parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
  • kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni (keyingi o‘rinlarda — zamonaviy kompleks) ishga tushirgan tadbirkorlik subyektiga loyiha qiymati 40 mlrd so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjeti hisobidan subsidiya beriladi.

Yuqorida nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlarini qoplash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 mln dollar miqdoridagi mablag‘ «Mikrokreditbank» ATBga yo‘naltiriladi. Bunda:

  • 1-bosqichda — 50 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar 2021 yil 1 iyulga qadar, shundan 15 mln dollari «Mikrokreditbank» ATBning ustav kapitalini oshirish uchun;
  • 2-bosqichda — 35 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar, 1-bosqich mablag‘larining ishlatilishi samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining qaroriga asosan yo‘naltiriladi.

Mazkur mablag‘larning 70 mln dollar ekvivalentidagi qismi tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bank asosiy stavkasida kreditlar berish uchun «Mikrokreditbank» ATBga 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan past foiz stavkada ajratiladi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

2022 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Bundan tashqari, «Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan parrandachilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning 6 oylik ish haqi miqdorining 50 foizi, biroq oyiga 1000 dollar ekvivalentidan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Foto: Zuhriddin Umurzoqov / O‘zA

Hujjaga ko‘ra, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 20-mavze, 35a-uyda joylashgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi sobiq Toshkent transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi (asosiy vositalari) bilan birgalikda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Tomorqa xo‘jaliklarida parrandalarning an’anaviy va kasalliklarga chidamli zot va turlari parvarishini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • yuqori mahsuldor xonaki parrandalarning reproduktiv podalarini shakllantirish;
  • naslli tuxum inkubatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda parranda zotlarini sinovdan o‘tkazish va takomillashtirish;
  • shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga mos, ixcham parvarishlash texnologiyalari va organik ozuqalar turlarini yaratish;
  • aholida parranda boqish va organik mahsulot yetishtirish ko‘nikmalarini shakllantirish.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilikning qisqa vaqt ichida yaxshi natijalar beradigan sohalariga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Parrandalar eng tez vaznga ega bo‘ladi — 1 kg vazn olish uchun 1,7 kg ozuqa, qoramolga esa 8 kg kerak bo‘ladi, dedi davlat rahbari. U yil oxiriga qadar tovuq go‘shti ishlab chiqarishni 450 ming tonnaga yetkazishni topshirdi (2020 yilda 247 ming tonna ishlab chiqarilgan).