Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonda amalga oshiriladigan xalqaro loyihalarning muvaffaqiyatli davom ettirilishi uchun normativ-hujjatlar qabul qilish kerakligini ta’kidladi.

Bu haqda Senat raisi 15 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xalqaro forumda gapirgan, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Vazirlar mahkamasining qarori bilan, endilikda O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar gender ekspertizasidan o‘tmoqda. Bugun agar birorta qonun ayollarimiz manfaatiga zid ravishda ishlab chiqilgan bo‘lsa, u qabul qilinmaydi», — dedi Senat raisi o‘z nutqida.

Tanzila Narbayeva xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalarning muvaffaqiyatli davom etishi uchun normativ hujjat qabul qilish amaliyotini kiritish kerakligini ta’kidladi.

«Xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida samarali amaliyotga tadbiq etilgan loyihalarning barqarorligini ta’minlash uchun tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi va ushbu loyihalarni keng yoyish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki loyiha tugagandan keyin ish to‘xtab qoladi, xuddi boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham. Shuning uchun, muvaffaqiyatli tajribani davom ettirish uchun qandaydir normativ-hujjat qabul qilish kerak. U loyiha yutuqlarini va natijalarini mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tadbiq etishga yordam beradi», — dedi u.

Shuningdek, Senat raisi Afg‘oniston Respublikasi va Markaziy Osiyo yetakchi ayollarini muloqotda faol qatnashishga va hamkorlik qilishga chorladi.

«Bugun davlatlarimiz rahbarlari birgalikda ishlayotganlaridek, Markaziy Osiyo va Afg‘onistonning yetakchi ayollari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash uchun yig‘ilishlari kerak», — deya ta’kidladi Narbayeva.