Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Samarqand shahridagi «Minsk» xiyobonida noqonuniy qurilish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi idora matbuot xizmati.

Viloyat hokimligi prokuratura organlariga Samarqand shahrining Minsk ko‘chasida «Taunxaus» uslubidagi uy-joylar, bolalar bog‘chasi va savdo binolarini qurish uchun ruxsatnomalar holati to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etdi.

Hujjatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra prokuratura Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan qurilish uchun ruxsatnoma asosida hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Muammo nimada?

Foto: Timur Sattarov.

«Ya — Samarkandets» guruhidagi xabarda yozilishicha, samarqandliklar hokimning 2020 yil 27 oktyabrdagi qarori bilan 1,77 gektar maydonda «Taunxaus» uslubidagi ikki qavatli turar-joy binolari, bolalar bog‘chasi va savdo binolarini qurishni boshlagan «Mexr nur omad baraka» kompaniyasining xatti-harakatlari to‘g‘risida bir necha bor hokimiyat, prokuratura, viloyat bosh arxitektoriga murojaat qilishgan.

Samarqand shahar kengashi deputati Shoxruxbek Alibekovning ma’lum qilishicha, shaharda uchta xiyobon bor — «Universitet xiyoboni», Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti oldidagi xiyobon va «Minsk» xiyoboni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchi kompaniya noqonuniy ravishda qurilish ishlarini olib bormoqda. Kompaniya qurilish uchun asos sifatida «ToshkentboshplanLITI» DUK xulosasini ko‘rsatdi, ammo faollar va deputat institutga yuborilgan so‘rov orqali hujjatning haqiqiy emasligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Quruvchi kompaniyaga taqdim etilgan ikkinchi «ToshkentboshplanLITI» hujjati ham bekor qilindi.

Xususan, «ToshkentboshplanLITI», 2020 yil noyabr oyi oxirida Samarqand viloyati bosh arxitektorining xatiga javoban, shaharning bosh rejasiga binoan «xiyobon saqlab qolingani va uni qayta tiklash hamda obodonlashtirish ishlari olib borilishi kerakligini ma’lum qilgan».

«Hudud bino qurilishiga mo‘ljallanmagan. Xiyobon bo‘yidagi yo‘llar aholiga qulaylik yaratish maqsadida kommunal tarmoqlar va piyodalar yo‘llari qurilishiga moslashtirilmoqda. Shuningdek, institutga ko‘rib chiqilayotgan hududda biron bir obyektni joylashtirish uchun hujjat kelib tushmagani to‘g‘risida ma’lum qilamiz», — deyiladi xatda.

Foto: Shoxruxbek Alibekov.

Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xamidov 2 mart kuni qurilishni darhol to‘xtatib qo‘yishni talab qilib, «Mexr nur omad baraka» kompaniyasi direktori, Samarqand viloyati hokimning o‘rinbosari, Samarqand hokimi va Samarqand shahar prokuraturasiga xatlar yuborgan.

Laziz Hamidov bir oy o‘tgach, ogohlantirishga qaramay, qurilish ishlari davom etayotgani va bu fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. U Samarqand hokimi va shahar prokuraturasidan qurilishni to‘xtatishda amaliy yordam ko‘rsatishni va tegishli choralarni ko‘rishni iltimos qildi.

Xiyobon hududida qurilish ishlariga qarshi mahalla aholisi. Foto: Timur Sattarov.

Bloger Timur Sattarov 9 iyun kuni «Minsk» xiyobonini saqlab qolish masalasi olti oy davomida ko‘tarilayotganini ma’lum qildi. Mazkur hududda istiqomat qiluvchilardan birining aytishicha, may oyi oxirida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mahallaga tashrif buyurgan va xiyobon yonidagi hududda qurilish ishlarini to‘xtatishga buyruq bergan. Qisqa tanaffusdan so‘ng, quruvchi kompaniya yana qayta ish boshlagan.

Natijada prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

«Minsk» xiyoboni hududi 2013 yil may oyida, 2020 yil aprelida va 2020 yil oktyabrda. Foto: Google Earth.