16 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari oliy ta’lim muassasalari mavzusida to‘xtalar ekan, har bir yo‘nalishda mutaxassislar bilimli bo‘lsa, natija kutilgandek bo‘lishini qayd etdi.

«Biz oliygohlarni ko‘paytirdik. Ularning sifati qanday degan savol turibdi. Viloyat hokimlari o‘z hududingizdagi oliy ta’lim muassasi hayoti bilan qiziqib ko‘rganmisiz? Yoshlarga qanday bilim berilyapti, yashash joyi qanday? Qaysi tarmoq bilan birlashtirish mumkin ta’lim muassasasini? Hech qaysi viloyat, shahar hokimini bu savol qiynamayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yig‘ilishda oliygohlar rektorlari to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, agar oliygohda bilimli rektor bo‘lsa, bu — xalqning baxti.

«Rektorning dunyoqarashi viloyat, shahar hokiminikidan baland bo‘lishi kerak. Men rektorni eng katta islohotchi, fidoyi deb bilaman. Agar u yoshlarni bilimli qilib tarbiyalay olsa, bizga boshqa hech narsa kerak emas. Lekin hamma rektorlar shundaymi? Sifat bilan shug‘ullanmagan, „talaba uchun men nima bera olaman“, degan savolga javobi bo‘lmagan rektorning kelajagi yo‘q», — deya qo‘shimcha qiladi davlat rahbari.

Ma’lum qilinishicha, oliy ta’lim muassasalari soni 117 tani tashkil etmoqda. Qabul o‘rni 66 mingdan 181 mingga, ya’ni 3 baravar ortgan. Professor-o‘qituvchilarning oyligi 3,5 baravarga oshirilgan. O‘qishga hujjat topshirayotganlar ham 2 baravar ko‘paygan.

«Bir narsani aniq tushunish kerak. Yaqin-yaqingacha davlat oliygohlari monopoliya bo‘lgan. Va bundan foydalanib kelgan. So‘nggi yillarda sohaga raqobat kirib keldi, xususiy va xorijiy oliygohlar ko‘paymoqda va bu vaziyatni o‘zgartiradi», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 815 ta yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi.

Davlat rahbari ta’lim sifatini yaxshilash va ta’limning barcha jarayonlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib, tashkil etish masalasi Oliy ta’lim vazirligi, rektorlarning e’tiboridan chetda qolib ketayotganini tanqid qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazilgan so‘rovlarda aholining 65 foizi oliy ta’limdagi islohotlarning natijasi sezilmayapti, deb fikr bildirganini qayd etdi.