2021 yilda 9 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasiga 22 ta yo‘nalishda talabalarni o‘qitish uchun 500 ta davlat granti ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyov chorshanba kuni oliy ta’limdagi islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

«O‘zbekiston 24» telekanali jurnalisti Aziza Quronovaning ma’lum qilishicha, davlat rahbari bosh vazirga ikki hafta muddatda qo‘shimcha davlat granti asosidagi (imtiyozli) qabul parametrlarini tasdiqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezident bu yil OTMlarga qabul soni o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga oshirilib, 181 ming nafarga yetkazilishini ma’lum qildi. Besh kun muddatda aholidan hujjatlarni onlayn qabul qilish boshlanadi. Bu yil 1,5 milliondan ziyod yoshlar oliygohlarga kirish uchun hujjat topshirishi kutilmoqda.

Davlat rahbari, shuningdek, talabalar yotoqxonasi bo‘yicha muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev yotoqxona o‘rinlari sonini oshirish hisobiga qo‘shimcha 22 ming, ijara to‘lovini qoplash orqali 60 mingdan ziyod talabalarning turar-joy masalasi hal etib berilganini ma’lum qildi. Bunga joriy yilda byudjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

«Hozirda talabalarda qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Ushbu muammoli masalanitadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkin», — dedi prezident. U bo‘sh maydoni bo‘lgan oliygohlar o‘z hududida, bo‘sh maydoni bo‘lmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada tadbirkorlarga yotoqxonalar tashkil etish uchun yer auksion orqali ajratilishini ta’kidladi.

Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1−2 qavatini biznes uchun (ko‘ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi. Talabalarning turar-joyi xarajatlarining 50 foizini byudjetdan qoplab beriladi.

«Bu tadbirkor uchun — kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun — qulay va arzon sharoit, oliygohga esa — mablag‘ni tejash va ularni ta’lim sifatini oshirish uchun yo‘naltirishga katta imkoniyat», — dedi davlat rahbari.

Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo‘yicha yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.