2019 yildan Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Mavlyanov Shavkat Tohirovich Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqdagi tashkiliy masala 16 iyun kuni Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Toshkent hokimligi matbuot xizmati.

Sessiyada so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Chilonzor tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tumanda olib borilayotgan ishlar ko‘lamiga to‘xtalib o‘tdi va yangi hokim nomzodini deputatlarga tavsiya etdi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mavlyanov (1978 yilda tug‘ilgan) 1999 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, 2012 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oliy akademik kursini tamomlagan. Shavkat Mavlyanov 2018 yil iyulida IIV Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.

Avvalroq Shuhrat Buronovning Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik.