15 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi binosiga bir suruv qo‘ylar haydalgan videolavhasi tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hokimligi tomonidan ozuqa yetishtirish uchun yer ajratilmagani sababli cho‘ponlar shunday qarorga kelishgan.

Zamon muxbirining Yangiqo‘rg‘on tuman xokimligi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Jo‘raboy Oxunov Sharq Yulduzi» agrofirmasi hududida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «Mubosher Azizbek Lazizbek Fayz» MCHJ rahbari U.Muhiddinov 2020 yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Bosh Vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga chorva hayvonlarini boqish uchun 30,0 gektar yer maydoni so‘rab murojaat qilgan.

Ushbu murojaat tuman hokimligining tegishli mutaxassislari hamda «Mubosher Azizbek Lazizbek Fayz» MCHJ rahbarining shaxsan ishtirokida o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida tuman hokimligi tomonidan «Mubosher Azizbek Lazizbek Fayz» MCHJ rahbariga tuman hokimligi zahirasida bo‘lgan tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan «Jo‘ra Oxunov-Sharq Yulduzi» agrofimasi hududida joylashgan bir necha adirlik, yaylov yerlar taklif etilgan. Biroq, ular U.Muhiddinovning maydonga yaqin joyda chiqindixona mavjudligi, boshqa maydon esa qo‘yxonasidan uzoqdaligi kabi vaj bilan rad etilgan, deydi tuman hokimligi.


Hokimlikning xabar berishicha, tadbirkor talab qilgan maydon esa «Bolgar sharob» qo‘shma korxonasi qoshidagi «Yangiqo‘rg‘on marvaridlari» UK egaligidagi yerlar hisoblanadi. Unitar korxona ham huquqiy subyekt egasi hisoblanishi bois, ushbu yer maydonini «Mubosher Azizbek Lazizbek Fayz» MCHJ tasarrufiga olib berishning amalda imkoni yo‘qligi yuzasidan murojaatchiga tushuntirilgan.

«Shunday bo‘lishiga qaramay, murojaatchi faqat shu maydonni talab qilayotganiga e’tibor berish joiz», — deyiladi xabarda.

Tuman hokimligi O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 8 iyundagi «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonниэслатиб o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, farmonning 8-bandiga asosan, ushbu farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston «Yer kodeksi»ga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilganligan.

Aprel oyida Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi mahalla aholisi deyarli 1500 bosh qo‘y tuman hokimligi binosiga haydab kelingan. Bunga ularning qo‘y boqish uchun ajratilgan yer maydonida fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 4 mingdan ziyod chorva mollari boqilgayotganidan norozi bo‘lishi sabab bo‘lgan edi.