BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi yoshligida baxtsiz hodisa oyog‘i amputatsiya qilingan va orzusidan voz kechishiga to‘g‘ri kelgan, lekin keyinchalik o‘z hayot yo‘lini topa olgan, jahon chempionligi shohsupasiga ko‘tarilgan Shaxnoza Mirzayevaning hikoyasi bilan bo‘lishdi. “Gazeta.uz” hikoyani juz’iy tahrir bilan taqdim etadi.

Shaxnoza Mirzayeva doimo faol qizlardan bo‘lib kelgan. Uning qiziqishlari qatorida raqsga tushish, rasm chizish, to‘qishni sanab o‘tish mumkin. Shaxnozaning onasi uning barcha qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan. “Men shifokor bo‘lishni orzu qilardim”, — deydi Shaxnoza, “ammo 10 yoshimda jiddiy baxtsiz hodisa yuz berdi va oyog‘imning bir qismini amputatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. O‘shanda menga shifokor bo‘lish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmasligimni aytishgan edi. Endi bu haqiqat emasligini bilaman, lekin o‘shanda men o‘z orzuimdan voz kechgan edim”.

Shaxnozaning reabilitatsiyasi taxminan bir yil davom etdi. “Protez oyog‘imga ko‘nikishim bilanoq faol hayot tarzimni davom ettirdim. Men yana velosiped haydashni o‘rgandim, o‘z mahallamdagi bolalar bilan o‘ynardim”, — deydi Shaxnoza.


O‘zingni qo‘lga ol va mashq qilishni boshla

Shaxnoza o‘z jismoniy tarbiya o‘qituvchisini mehr bilan eslaydi: “Maktabga qaytib kelganimda o‘zimni g‘alati his qildim. Sport zalidagi birinchi mashg‘ulot paytida men shunchaki bir chetda o‘tirganimni sezdirmaslikka harakat qildim, lekin o‘qituvchim men tomon kelib „Nega o‘tiribsan? Mashg‘ulotni boshla!“ dedi, go‘yo mendagi o‘zgarishni sezmagandek”.

Shaxnoza o‘sha o‘qituvchining ko‘magi va dalda berishi tufayli o‘zining sportga moyilligini kashf etdi. Avval basketbol, keyin miltiqdan otish bilan shug‘ullandi.

“Uch yil davomida men har kuni kamida to‘qson daqiqa o‘q otish bilan shug‘ullanganman. Tikka turishim kerak bo‘lganligi sababli oyoqlarimga katta bosim tushar edi va bu meni anchagina qiynardi”, — deya tushuntiradi u. “Kanoeda eshkak eshish borasida kimdir menga murojaat qilganida, men buni sinab ko‘rdim va mashq qila boshladim”.

Professional sport

Shaxnozaga kanoeda eshkak eshishni yoqib qoldi va bu bilan professional tarzda shug‘ullanishga qaror qildi.

“Birinchi katta musobaqam 2016 yilda kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq chempionatida bo‘ldi. Faqatgina bitta raqibim bor edi. Ammo men juda oz vaqt farqi bilan yutqazdim. Ushbu tajriba menga bu sport bilan yanada qattiq shug‘ullanishga ilhom bag‘ishladi. Men bir mashg‘ulot lageridan boshqasiga sayohat qildim. Ko‘p vaqtimni mashg‘ulotlarda sarflashni boshladim”.

“2017 yilda Chexiyaga birinchi jahon chempionatiga bordim. Murabbiysiz, boshqa mamlakatda, katta xalqaro sport tadbirida men hayajon va xavotirga tushdim, ammo finalchilar qatoriga qo‘shilishga muyassar bo‘ldim. Final poygasi davomida men ikkinchi bo‘lib keldim. Bu juda yaxshi yutuq edi va men bundan ham yaxshi natija ko‘rsatishim mumkiligini va buning uchun yanda ko‘proq ishlashim kerakligini angladim”, — deydi Shaxnoza qat’iyat bilan.

2019 yilda Shahnoza Vengriyada o‘tgan kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. “Bu ajoyib tuyg‘u edi. Mening raqiblarim ancha tajribali edilar, ularning aksariyati Paralimpiya o‘yinlarining sovrindorlari edi. Meni hech kim tanimas edi, lekin men birinchi bo‘lib keldim”, — kulib esga oladi Shaxnoza.


Pandemiya davridagi sport mashg‘ulotlari

Shaxnoza 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotganda, COVID-19 pandemiyasi avj oldi va shu bilan o‘yinlar qoldirildi.

“Bu men uchun yaxshi xabar emas edi va men uchun psixologik jihatdan qiyin bo‘ldi. Men o‘yinlarga astoydil tayyorgarlik ko‘rgandim va koronavirus tufayli kiritilgan karantin choralari va cheklovlar hamma uchun birdek noaniqlik va qiyinchiliklar tug‘dirdi. Birmuncha vaqt men odatdagidek tashqarida suvda mashq qila olmadim. Murabbiyim bilan faqat telefon yoki videoaloqa orqali gaplashishim mumkin edi”.

Shunga qaramay, Shaxnoza o‘z maqsadi sari intilishda to‘xtashni istamadi. “Onam mening eng katta ilhom manbaimdir. Ba’zan qattiqqo‘l, lekin u doimo yonimda. U har yiqilganimda turishni va yurishni davom ettirishni o‘rgatdi”.

“Men sportni tanlayman”

Olimpiya o‘yinlari endi sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shaxnozaning barcha sa’y-harakatlari ushbu musobaqaga qaratilgan.

“Sport mening hayotim! Hatto sport bo‘yicha bakalavr darajasini olishga qaror qildim. Professional sport faoliyatim tugaganidan keyin kelajakda nima qilishimni hozircha bilmayman. Diplomim bilan men yangi avlod bilan ishlash, o‘z bilimlarimni yetkazish, murabbiy bo‘lishim mumkin”.


Shaxnoza vaqti-vaqti bilan maktablar va sport markazlariga tashrif buyurib, yoshlar bilan suhbatlashadi, o‘z hayoti bilan o‘rtoqlashadi va ularni sport bilan shug‘ullanishga undaydi. BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) uni ijtimoiy qadriyatlar hamda hurmat, halol kurash va hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilishni targ‘ib qilish va sportning afzalliklarini barchaga yetkazish bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini oshirish harakatida ishtirok etishga chorladi.

“Men sportni tanlayman” harakati motivatsion videofilmlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ulardan asosiy maqsad sportning giyohvandlik, jinoyatchilik va zo‘ravonlikka qarshi ahamiyatini oshirishdagi o‘rnini ochib berishga yo‘naltirilgan. Bu harakat UNODCning “Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish” tashabbusi va hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatish bo‘yicha o‘qitish dasturi “Line Up Live Up” doirasida ishlab chiqilgan.

“Bu har bir yosh, ayniqsa, men kabi hayotdan maqsad va ma’no izlayotganlar uchun ajoyib tashabbus. Sport — bu sizga ko‘plab ko‘nikmalar bera oladigan xazina sandig‘idir. U sizni kuchli qiladi, xarakteringizni shakllantiradi. Men hayotimning mazmunini sport orqali topdim va bundan xursandman”, — deydi Shaxnoza.

Shaxnoza singari milliy sport chempionlarini ijobiy namuna sifatida namoyish etuvchi videoroliklar milliy telekanallarda va Toshkent metrosida namoyish etildi va ulardan O‘zbekistonning umumta’lim maktablarida 2 million o‘quvchi uchun motivatsion o‘qitish vositasi sifatida foydalanilmoqda. Shaxnoza ishtirokida ushbu aksiya qizlarni sport bilan shug‘ullanishga va o‘z qobiliyatlariga ishonishga undaydi.

“O‘zim uchun eslatma”

“Agar men baxtsiz hodisaga duch kelmasam, hayotim qanday bo‘lishini qayta-qayta o‘ylardim. Endi ishonch bilan ayta olamanki, o‘sha kun uchun hech ham afsuslanmayman. Balki men ilgari orzu qilganim kabi shifokor bo‘lmagandirman, ammo hozir erishganlarim undan ham yaxshi! Hayotimda sodir bo‘lgan hodisalar menga kimligimni anglashimga turtki bo‘ldi. Aksincha bo‘lganida o‘z yo‘limni topa olgan bo‘lardim deb aniq ayta olmayman. Sport menga hayotda ikkinchi va ehtimol yaxshiroq imkoniyat berdi. Bugun men Jahon chempioni bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldim. Men o‘z maqsadimni topganimni his qilaman va hech qachon ortga qaramayman va faqat oldinga intilaman”.