15 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuvda muqobil energetikani rivojlantirish va energetika obyektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar hamda qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.


Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlash, bugun Toshkent shahrida ochilgan Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori ofisining faoliyatini tashkil etish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, BAA tomoni O‘zbekiston prezidentining Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish tashabbusini amalga oshirish doirasida yangi loyihaviy taklifini taqdim etdi. Biroq, xabarda loyihaning tafsilotlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Uchrashuv yakunida Amirliklarning davlat boshqaruvi, uzoq muddatli yangilanishlar dasturini shakllantirish va innovatsion taraqqiyot yo‘liga o‘tish borasidagi ilg‘or tajribasini keng joriy qilishga qaratilgan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.