Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt hokimligi huzuridagi boshqaruv kompaniyasini yaratishni taklif etdi. Hokim bu taklifni prezident raisligida O‘zbekistonda ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirdi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, hokim boshqaruv servis kompaniyasi davlat unitar korxonasi shaklida yaratilishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va boshqa mamlakatlardan 50 nafar ekspat (chet eldan taklif qilingan xodim)ni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Jahongir Ortiqxo‘jayev boshqaruv kompaniyasiga bog‘liq tajribani Toshkentda sinab ko‘rishni, loyiha muvaffaqiyatga erishgach esa ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etishni taklif qildi.

Shahar hokimining ma’lum qilishicha, u bu kabi boshqaruv kompaniyalari tajribasi bilan 17−18 may kunlari o‘zbek delegatsiyasi tarkibida Qozonga amalga oshirgan tashrifi davomida tanishganini aytdi. Qozonda turar joy fondiga 118 ta boshqaruv kompaniyasi va 510 ga yaqin uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqaruv kompaniyasi aholiga ta’mirlash, qurilish materiallarni yetkazib erish, bolalarni parvarishlash va boshqa xizmatlar bilan ta’minlaydi.

«Qozonda hatto bolalarni parvarishlash bo‘yicha xizmat ham bor, uyingizga hatto kefir olib kelishi ham mumkin… O‘ylaymanki, 5−10 yildan so‘ng bu kabi kompaniya baribir kerak bo‘ladi», — deydi hokim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihani aprobatsiya qilish va taqdimot uchun tayyorgarlik ko‘rishga vaqt berdi. Shuningdek, u Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning mamlakatga tashrifi kutilayotganini, u bilan loyihani takomillashtirish imkoniyatini muhokama qilish mumkinligini ta’kidlab o‘tgan.

Yig‘ilishda davlat rahbari Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatovga ikki oy ichida mamlakatdagi 14 ta shaharda 1100 dan ortiq ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyasini sinov tariqasida tanlash topshirig‘ini bergan.