Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati xodimi shu tumanga borgan jurnalistlarning kamerasiga tashlanib, undagi xotira kartasini chaynab, yo‘q qilgani haqida aytilmoqda.

14 iyun kuni «My5» telekanalining xodimlari Ishtixon dehqon bozoridagi oziq-ovqat rastalarida sodir bo‘lgan yong‘in tafsilotini yoritish uchun voqea joyiga borgan.

Jurnalistlar bu yerda tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Ilhom Boboyevning qarshiligiga uchraganini aytmoqda. Tarqalgan videolardan ko‘rish mumkinki, voqealarni suratga olish jarayonida axborot xizmati xodimi kamera xotira kartasini sug‘urib olgani ham tushib qolgan.

Foto: Kun.uz

«My5» telekanali muxbirining Kun.uz`ga ma’lum qilishicha, ijodiy guruh yong‘in sodir bo‘lgan hududga borganida, mahsulotlari yonib kul bo‘lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashayotgan tuman hokimini uchratgan va holat bo‘yicha qisqacha izoh ham olgan.

«Biroq hokimlik axborot xizmati aynan yong‘in joyidan tasvirlar olishimizga qarshilik ko‘rsatib, muammo hal bo‘lganini ayta boshladi. „Biz hech qanday muammoni emas, bo‘lgan voqeani yoritmoqchimiz“, deyishimizga qaramasdan qarshilik ko‘rsatishda davom etdi. Keyin esa to‘satdan kameramizdan xotira kartasini olib qo‘ydi. Sheriklarim uning kartani og‘ziga solib, chaynab yuborganini aytmoqda. Axborot xizmati xodimi kartani chaynab yo‘q qildimi, yutib yubordimi, nima qildi, aniq bilmayman. Ammo unda juda muhim ishlarimiz bor edi. Tezda vaziyatga IIB xodimlari aralashib, Ilhom Boboyevning bizga qarshiligini to‘xtatdi, ammo baribir xotira kartasiz qoldik», — degan muxbir.

Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati rahbari mazkur holat bo‘yicha izoh ham bergan.

«Bozordagi holatni o‘rganish uchun kechasi soat 01:00da borgandik. Tushga yaqin endi odamlarni tinchlantiray deganimizda hammasi qaytadan boshlandi. Fuqarolardan intervyu olishlari jarayonida yana odam yig‘ilib ketdi. Odamlar jazavada ekanini bir necha bor tushuntirdim, odamlar, ayollar yana urishib ketishdi. Xullas, tushunmovchilik bo‘ldi», — degan u.

Samarqand viloyati hokimligi mazkur holat nazoratga olinganini ma’lum qilgan.

«Ishtixon tumanida hokimlik matbuot xizmati va jurnalist bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida to‘liq o‘rganib chiqilishi belgilandi», — deyilgan xabarda.