O‘zbekiston Oliy sudi 11 iyun kuni Universal Packing Master va Jemchug House qurilish kompaniyalarining poytaxtning Bobur ko‘chasida joylashgan 7-uyni Moddiy madaniy meros obyekti ro‘yxatiga kiritish borasidagi oldingi instansiya qarori ustidan kiritgan kassatsion shikoyatini qondirishni rad etdi, deb Makon Media xabar bermoqda.

Fevral oyi boshida Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi Toshkent shahrining sobiq hokimi Abduqahhor Tuxtayevning 2007 yil 2 avgustidagi 697-sonli qarorining Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 7-uyni madaniy meros obyektlari davlat ro‘yxatidan chiqarishga oid qismini haqiqiy emas deb topgan.

15 mart kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi Universal Packing Master va shahar hokimligining apellyatsion shikoyatini ko‘rib chiqishni rad etgan edi.

Oliy sudning Z.Qurbonova, I.Alimov va Sh.Sherqulovdan iborat tarkibdagi sud kollegiyasi birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudlarining qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirib, shahar aholisi foydasiga qaror qabul qildi.

Sud Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida joylashgan ikki qavatli 7-uy Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi qarori asosida Moddiy madaniy merosi ko‘chmas mulklari milliy ro‘yxatiga kiritilganini eslatib o‘tgan.

2020 yil iyunida Jemchug House ta’sischisi va direktori Timur To‘raqulov uy madaniy meros sifatida qabul qilinadigan bo‘lsa, Madaniyat vazirligidan 10 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya talab qilishi yuzasidan Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgandi.