Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 50 ta zamonaviy, barcha qulayliklarga ega ko‘chma go‘zallik salonlari respublikaning eng chekka hududlariga yetkazildi, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston 24» telekanali.

Ta’kidlanishicha, Ayollar daftaridagi minglab xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularni qo‘llab-quvvatlash doirasida dastlab yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ishga muhtoj xotin-qizlar monomarkazlar orqali kasbga o‘qitildi. Toshkentdagi «Ishga marhamat» monomarkazida barcha viloyatlarning eng chekka hududlarida yashovchi ayollar sartaroshlik kasbini bepul o‘rganishdi, deyiladi xabarda.


Konteynerlarning har birida 7 nafardan ayol ishlaydi va bu orqali daftardagi ayollarning 350 nafari ish bilan ta’minlanishi qayd etildi.

«Zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega go‘zallik salonlari Toshkent viloyatining to‘rtta tumani: Parkent tumanining Bo‘ston mahallasiga, Oqqo‘rg‘on tumanining Hosildor mahallasiga, Bekabod va Bo‘ka tumanlarining chekka-chekka hududlariga «Ayollar daftari»ga kirgan ayollar uchun yetkazib berildi», — deydi Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi raisining o‘rinbosari O‘tkir Rashidov.