Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlar «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida o‘zlarining munitsipal xizmatlari va infratuzilmalarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Jahon banki loyihaning ushbu komponentini amalga oshirish uchun 100 mln AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratishni tasdiqladi, deb «Gazeta.uz»ga xabar bermoqda JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Mablag‘lar Jahon banki guruhining a’zosi hisoblanmish Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etiladi.

Loyiha Jahon bankining moliyaviy ko‘magi bilan «2019 yildan buyon Buxoro (Kogon), Namangan (Chortoq), Toshkent (Yangiyo‘l va Pskent) viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihaning» geografik ko‘lamini kengaytiradi. Endi u Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining alohida o‘rta shaharlarini ham qamrab oladi.

Mamlakatning ushbu qismidan loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro‘yxati viloyat va shahar ijro hokimiyatlari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so‘ng keyingi 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari va imkoniyatlari hisobga olinadi.

Loyihada ishtirok etadigan ushbu ikki viloyatlarning o‘rta shaharlari maxsus investitsion rivojlanish dasturlarini amalga oshirish uchun mablag‘ bilan ta’minlanadi. Ularning tarkibiga suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish, elektr infratuzilmasi va ko‘chalarni yoritish, avtomobil yo‘llari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizatsiya qilish, jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, jamoat joylarini, bog‘larni, ko‘chalarni va ularning tegishli infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros obyektlarini saqlab qolish bo‘yicha restavratsiya ishlarini olib borish kabilar o‘rin olishi mumkin.

«Loyihada qamrab olingan shaharlarning aksariyati hozirgacha amalga oshirilmagan iqtisodiy salohiyatga ega. Ularning aksariyati strategik transport yo‘laklari bo‘ylab joylashgan. Ba’zilarida sayyohlar uchun e’tiborga sazovor maskanlar mavjud. Ushbu aholi punktlarining ko‘pi o‘z hududiga tutash qishloqlarda xizmat ko‘rsatish sohasida sifatli ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatiga ega», — deyiladi JB xabarida.

Loyiha doirasida investitsion dasturlar yuqori ekologik standartlarga muvofiq amalga oshiriladi va shuningdek, jamoat joylarining hammaga, jismoniy imkoniyatlaridan qat’i nazar har bir kishiga ochiq bo‘lishini ta’minlaydigan to‘siqsiz muhit yaratishga qaratilgan.

Taxminan to‘rt mln odam yoki har ikkala viloyatdagi umumiy aholining taxminan 70 foizi uchun takomillashtirilgan shahar infratuzilmasi va munitsipal xizmatlar, shuningdek yangi ish o‘rinlari yaratadigan loyiha tadbirlari natijasida ishga joylashish imkoniyatlarining kengayishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita foyda keltirishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha viloyat va shahar hokimliklariga shahar infratuzilmasi va xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish uchun zarur texnika va uskunalarni sotib olish imkoniyatini beradi. Hokimiyatlar xodimlarining shaharlarni boshqarish, jumladan ushbu jarayonga zamonaviy ekologik standartlarni joriy etish, qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish, aholi yashash punktlarida xavfsiz harakatlanish va transportning samarali mobilligi uchun sharoitlarni rejalashtirish, shuningdek ushbu aholi punktlarining barqaror va ekologik jihatdan toza rivojlanishiga hissa qo‘shadigan boshqa sohalarda malakasini oshirish uchun ko‘mak ko‘rsatiladi.