Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi gaz quyish shaxobchalarining birida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB va FVV axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 14 iyun kuni soat 17:40 lar atrofida Urgut tumani “Kenagas” MFY hududida joylashgan maishiy gaz ballonlarini propan gazi bilan to‘ldirish shaxobchasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, “ZIL-130” rusumli yuk avtomobilidan suyultirilgan gazni to‘kish vaqtida propan sig‘imining yorilishi sodir bo‘lgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Hodisa oqibatida haydovchi va gaz shaxobchasining bir nafar ishchisi voqea joyida vafot etgan.

Hozirda hodisa sababi hamda keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Voqea joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch-vositalari jalb qilinib, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari bajarilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.