11 iyun kuni anonim bloger tomonidan yuritiladigan «TentakMinds» kanali Buxoro viloyatida umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy test tizimi topshiriqlari (savollari) tarqalib ketgani va Davlat test markazi (DTM) tomonidan tekshiruv olib borilayotgani haqida xabar tarqatdi. Shundan so‘ng ushbu kanalda biologiya va kimyo fanlaridan tarqalib ketgani da’vo qilinayotgan test topshiriqlari e’lon qilindi. Jurnalist Xurshid Daliyev o‘z kanalida Buxoroda test topshiriqlari imtihondan bir kun oldin yodlatilishi haqida yozdi.

DTMning rasmiy bayonotida mazkur test topshiriqlarining haqiqatda ham milliy test tizimiga oid ekanligini tan oldi. Shu bilan birga, DTM bayonotiga ko‘ra, test topshiriqlari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va Davlat feld’egerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta’minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin yetkazilgan. Tarqalib ketganligi va abituriyentlarga sotilganligi aytilayotgan test topshiriqlari, Davlat test markazi bayonotida aytilishicha, test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilgan, rasmli test topshiriqlarida rasmlar keltirilmagan.

Shu bilan birga, «TentakMinds» kanalida e’lon qilingan test variantlari topshiriqlar soni, tuzilishi, bo‘limlar ketma-ketligi va har bir bo‘lim ichidagi topshiriqlar soni jihatidan DTM rasmiy saytida e’lon qilingan kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha namunaviy test variantlari bilan bir xil ekanligini ko‘rish mumkin.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan gaplashgan mutaxassislar testga kirib chiqqan abituriyentlar barcha topshiriqlarini eslab qolishi, test topshiriqlarining variant ichida ketma-ketligi, bo‘limlar bo‘yicha taqsimlanishini bu darajada aniqlik bilan tiklab berishi imkonsizligini ta’kidlashdi.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan gaplashgan Namanganlik mutaxassis 10 iyun kuni kimyo fanidan o‘tkazilgan test topshiriqlari oldindan tarqalganligini, lekin u qadar keng doirada tarqalishga ulgurmaganlini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 iyun kuni biologiya fanidan o‘tkazilgan testda ishlatilgan topshiriqlar testdan bir kecha oldin juda ko‘p abituriyentlarga yodlatilgan va bu abituriyentlar 50ta topshiriqni o‘z ichiga olgan testni 10 daqiqalarda yechib chiqib ketishgan.

Ismini oshkor qilishni istamagan Namanganlik abituriyentning so‘zlariga ko‘ra, kimyo va biologiya fanlaridan abituriyent tayyorlash bilan shug‘ullanadigan tayyorlov kursida o‘qigan 300ga yaqin abituriyent bugunga qadar shu fanlardan sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan va bu abituriyentlarga imtihonda tushadigan test topshiriqlari oldindan yodlatilgan. «TentakMinds» kanali Davlat test markazi direktori Majid Karimov Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida aynan shu tayyorlov kursi rahbari va o‘quvchilari bilan uchrashgani haqida yozdi.

Bundan oldin «To‘raqo‘rg‘onliklar» Telegram-kanalida Rustam Aliyev nomi ostidagi foydalanuvchi «To‘raqo‘rg‘on tumanida kimyo-biologiya yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ayrim shaxslar Namangan viloyatida DTM savollarini noqununiy tarqatish bilan shug‘ullanyotganligi» va «o‘quvchilariga Milliy sertifikat bahosini noqununiy olib berishga ko‘maklashayotganligi» haqida yozgan edi. Ayni paytda ushbu kanal o‘chirib qo‘yilgan.

Milliy sertifikat uchun test topshiriqlari tuzishga jalb qilingan ekspertlardan birining xabar berishicha, u may oyida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini Namangan viloyatida biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy sertifikat test topshiriqlari sotilayotgani haqida ogohlantirgan. Ekspert, «To‘raqo‘rg‘ondagi tayyorlov kursida tayyorlanganlar testlarda qanday natija ko‘rsatgan? Namangan viloyatining boshqa tumanlarida natija qanday, To‘raqo‘rg‘on bilan statistikasi bir xilmi? Boshqa viloyatlarning natijalari qanday?» singari savollarni o‘rtaga tashladi va DTM bayonotida bunday ma’lumotlar e’lon qilinishi kerakligini ta’kidladi.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan gaplashgan Namanganlik mutaxassis ham kimyo va biologiya fanlari bilan bir qatorda, ona tili va adabiyot fanidan ham test topshiriqlari sotilganligini, test topshiriqlari «DTMga aloqador shaxs» yordamida olib chiqilganligini aytdi.

DTMdagi manbalarning xabar berishicha, «TentakMinds» kanali milliy sertifikat test topshiriqlari tarqalishiga aloqador deb atagan ekspertlarning ayrimlari bundan oldin yozgi kirish test sinovlarida kimyo fani bilan bog‘liq muammolar kuzatilganligi sababli chetlashtirilgan, biroq Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan milliy test tizimi topshiriqlarini tuzishga tavsiya etilgan.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy test tizimi Vazirlar mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 646-sonli qarori bilan joriy qilingan. Qarorga muvofiq, milliy test tizimi doirasida testlarni muvaffaqiyatli topshirib, sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida tegishli fandan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Qarorda sertifikat berish uchun tuziladigan test topshiriqlari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilishi belgilangan. DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ham testlarning mazmuniga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’lim vazirligi mas’ul ekanligini ta’kidlagan edi.

«Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga qaraganda, test topshiriqlari Davlat test markazida tuzilgan. Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tavsiya etilgan ekspertlar bilan DTM o‘rtasida test topshiriqlarini tuzish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Test topshiriqlarini tuzishga XTV va inspeksiya tavsiya etgan ekspertlardan tashqari, DTMning o‘z ekspertlari ham jalb qilingan. Xususan, ona tili va adabiyot fanidan XTV va inspeksiya tavsiya etgan ekspertlar tomonidan bitta test varianti, DTM ekspertlari tomonidan 3ta test varianti tuzilgan va imtihonlarda shu variantlardan topshiriqlarni aralashtirgan holda shakllantiriladigan test variantlari ishlatilishi aytilgan.