«Bektemir» va «Salar» oqova suv tozalash inshootlariga texnik suvlarni oqizish natijasida Sergeli tumanida badbo‘y hid taralishi holati bo‘yicha Toshkentdagi korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’ul xodimiga nisbatan ma’muriy ish ochildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonov ma’lum qildi.

10 may kuni «Gazeta.uz» «Toshkent shaxar suv ta’minoti»ga tayanib, Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasidan tarqalayotgan yoqimsiz hidning asosiy sababi Salar to‘yintirish inshooti va Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning oqizilishi ekanligi haqida yozgan edi. Keyinroq esa Senat Hukumat qarori loyihasi bilan Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishiga sababchi bo‘lgan korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya qilish hamda beshta charm sanoat korxonasini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish reja qilinayotganini ma’lum bo‘ldi.

Iyun boshida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi tozalash inshootlaridan taralayotgan badbo‘y xid masalasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, muammoni o‘z nazoratiga olganini ta’kidlagan edi.

Biznes-ombudsman ruxsati bilan «Bektemir» va «Salar» tozalash inshootlariga chiqindi suvlarni oqizayotgan korxona va tashkilotlar tekshiruvdan o‘tkazildi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» 5 ta teri zavodi, 6 ta to‘qimachilik koxonasi va boshqalardan iborat 18 ta potensial xavfli korxona ro‘yxatini taqdim etdi.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’ul shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

«Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korxonalarda lokal oqova tozalash tizimini ishga tushirish, ularni ta’mirlash va samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan qisqa muddatda bajarilishi lozim bo‘lgan majburiy ko‘rsatmalar berildi», — deyiladi Davlat ekologiya qo‘mitasi xabarida.

Bektemir tumanida joylashgan 9 ta korxona tomonidan berilgan majburiy ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli davlat ekologik ekspertizasining belgilangan muddatdan oldin amal qilishini to‘xtatish va shahar kanalizatsiya tarmog‘idan uzish maqsadida Toshkent shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, «Salar» oqova suv tozalash inshootiga ishlab chiqarish oqova suvlarini tashlovchi 18 ta korxonadan 11 tasida tekshirishlar amalga oshirilgan. Me’yor darajasida tozalanmagan oqova tashlayotgan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

2020 yilning oktyabrida O‘zgidromet Toshkent shahri va viloyatida Salar kanali eng ifloslardan biri bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgandi. Mutaxassislarning fikricha, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va kanalni tozalab turish uchun unga katta hajmda suv yetkazib berilganida doimiy ravishda sanitariya ishlarini olib borish zarur.