Saudiya Arabistoni Hukumati jahonda kuzatilayotgan murakkab epidemiologik vaziyat hamda hojilarning sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash maqsadida «Chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini cheklash, mahalliy aholi va mamlakatda doimiy yashovchi rezidentlar uchun Haj tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi.

Mazkur hujjatda 2021 yilgi Haj ibodatini bajaradigan mahalliy ziyoratchilarning cheklangan miqdordagi umumiy soni 60 ming nafar etib belgilangani, xorijiy mamlakatlardan ziyoratchilar qabul qilinmasligi qayd etilgan.

Bu haqda O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Haj va umra masalalari bo‘yicha Attashesining rasmiy ma’lumotiga tayanib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi xabar bermoqda.

Rasmiy xatda hojilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida, joriy yilgi haj tadbiri — Saudiya Arabistoni podshohligi aholisi va ushbu mamlakatda muqim yashab kelayotgan 18 dan 65 yoshgacha bo‘lgan, eng asosiysi, COVID-19`ga qarshi emlangan fuqarolar (rezidentlar) uchun tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Saudiya hukumatining ushbu qarori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, islom mamlakatlaridagi ko‘plab fatvo hay’atlari va boshqa ilmiy markazlar tomonidan ma’qullangan.

Ma’lumot o‘rnida, hozirda Saudiya Arabistonida har kuni o‘rtacha 1000 dan ortiq virus bilan kasallanish, 15−20 ta o‘lim holatlari kuzatilmoqda.

«Yuqoridagilarga asoslangan holda, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, „Haj“ va „Umra“ tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni hukumatining hojilar manfaatlari, ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash nuqtai-nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi xabarda.

Jamoatchilik kengashi shuningdek, haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarning navbatlari keyingi mavsum uchun saqlanib qolishini eslatib o‘tgan.

Bu yilgi Haj ibodatlarini ado etish muddati 17−22 iyul kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya sabab Saudiya Arabistoni 2020 yildagi haj ziyoratini ham xorijlik ziyoratchilar uchun bekor qilgan edi.