O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov 9 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida yo‘l harakati qoidalarini buzayotganlar to‘g‘risida xabar berganlarni rag‘batlantirish tizimi haqida fikr bildirdi.

Qalampir jurnalistining aytishicha, nashr o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 70% respondentlar mobil qurilmalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini suratga olib, buning ortidan pul ishlayotgan shaxslarga nisbatan salbiy munosabat bildirgan. Muxbir vazirdan ushbu tartibni qanchalik adolatli deb hisoblashi va buning orqasidan jamiyatda «quloqlar» qatlami shakllanib qolishi yoki qolmasligi haqida so‘radi.

Adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu kabi masalalarni ko‘tarayotgan odamlar qonun ustuvorligini hurmat qilmasligini ta’kidladi.

«Mana shu masalani ko‘taradigan odamlarni umuman qonun ustuvorligini hurmat qilmaydigan insonlar deb bilaman. Siz ishlatayotgan terminlar („quloqlar“, sotqinlar nazarda tutilmoqda — tahr.) ham qonunchilikni ta’minlashga o‘zini hissasini qo‘shayotganlarga nisbatan hurmatsizlik va haqorat deb bilaman. Fuqarolar fikr bildiradi, lekin sizga o‘xshagan OAV unaqa haqoratomus gaplarni ishlatmasdan fikrlarni bildirishi kerak», — dedi u.

Adliya vazirligi rahbari bu kabi holatlarda yakuniy maqsaddan kelib chiqib harakat qilish zarurligini qayd etdi.

«Qonun ustuvorligi birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi? Maqsaddan kelib chiqish kerak. Maqsad nima? Shu sohani tartibga keltirishmi, yo‘qmi? Har bir harakatni oldida maqsad yotishi kerak. Agar bu maqsad qonunchilikni tartibga solish, shu sohada odam o‘limining oldini olish — oxirgi ikki-uch yilni ichida 5000 kishi yo‘lda o‘lib ketayapti-ku, — bunga qanday javob berasiz?», — deya savol bilan yuzlandi vazir.

Ruslanbek Davletov gap fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish haqida emas, balki jamoat joylarida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yayotgan shaxslarni suratga olish haqida ketmoqdaligi tushuntirdi.

«Agar ko‘chada, jamoat joyida odam noqonuniy xatti-harakat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, [qoidabuzarlikni to‘xtatish uchun] kerak bo‘lsa, vijdonimni sotishga ham tayyorman [ya gotov „prodat svoyu dushu“ za eto]. Ya’ni, davlat o‘sha huquqbuzarlikni to‘xtatish uchun har qanday yo‘ldan foydalanishi kerak. Butun dunyo bundan foydalanadi. Qandaydir diniy dogmalarni keltirish kerak emas. Masalan, kimdir pora berayotganini aytib, shuni biz rag‘batlantiradigan bo‘lsak, siz shunga rozisiz-ku», — dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, huquqbuzarlik hajmining ahamiyati yo‘q. «U kattami, kichikmi, umuman ahamiyati yo‘qmi — bu huquqbuzarlik. Bu ahloqiy qoida emas. Bu davlatni, jamiyatni belgilagan qonun-qoidalari. Siz kichkina qoidalar uchun kerak emas, desangiz ertaga katta muammoni keltirib chiqaradi», — deya ta’kidladi Ruslanbek Davletov.

Adliya vaziri O‘zbekiston yo‘llaridagi mavjud vaziyat tinchlik davrida fuqarolarning o‘limiga olib kelayotganiga e’tibor qaratdi.

«Urush yo‘q, lekin behudaga ko‘plab odamlar o‘lib ketayapti. Meni fikrim, mazkur sohada, nafaqat bu yo‘nalishda, boshqalarda ham shu kabi rag‘batlantiruvchi tizimni kiritish kerak», — dedi u.

Mart o‘rtalarida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ko‘chalarda odamlarning qoidabuzarliklarni telefonga suratga olishi va buning evaziga rag‘batlantirilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. «Ularga 10−15 ming so‘m berayaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon», — dedi u. Kusherbayev qoidabuzarlarni aniqlashdan oldin infratuzilmani yaxshilab qo‘yishga kerakligini qo‘shimcha qildi.

May oyining o‘zida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan bir nechta yirik yo‘l transport hodisalarida ko‘plab odamlar vafot etdi. 8 may kuni Qashqadaryoda Nexia va VAZ to‘qnashuvi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi, ularning 2 nafari bolalar bo‘lgan. Yana 2 kishi jiddiy jarohatlandi. Oradan ikki kun o‘tib, Farg‘ona viloyatida ikkita Cobalt ishtirokidagi avariyada 6 kishi olamdan o‘tdi va yana 4 inson jarohatlandi. Ertasi kuni Qoraqalpog‘istonda Cobalt, Nexia va Damas to‘qnashishi natijasida 6 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi shifoxonaga yotqizildi. 24 may kuni Angrenda MAN yuk mashinasi va yengil avtomobillar urilishi oqibatida 7 kishi vafot etdi, 14 nafar fuqaro tan jarohati oldi. Xorazmdagi ikki YTHda esa 5 nafar o‘quvchilar olamdan ko‘z yumdi.

«Gazeta.uz» ko‘plab материалларни yo‘l harakati xavfsizligi mavzusiga bag‘ishlagan. Biz bir necha bor mutasaddilarni mamlakatda yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha yondoshuvlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan edik.