Buxoro viloyati, Olot tumanidagi maktab o‘quvchisi suvda cho‘kib ketib, halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Buxoro viloyati FVB axborot xizmati.

Hodisa 9 iyun kuni Qorako‘l tumanidan oqib o‘tuvchi katta “Amu-Buxoro” kanalida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 9 iyun kuni tumandagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi soat 11:40 larda joriy imtihonni topshirib bo‘lgach, soat 12:00larda uyiga jo‘nagan. Tumandagi “Xalifa” mahallasida yashovchi S.M. uyida tushlik qilgach, chamasi, soat 14−15 lar atrofida 4 nafar maktabdoshi bilan Qorako‘l tumanidan oqib o‘tuvchi katta “Amu-Buxoro” kanalida cho‘milishgan.

Qayd etilishicha, chuqurligi taxminan 4−5 metrda, suv hajmi ham juda baland bo‘lgan kanal 15 yoshli S.M.ni to‘lqinida oqizib ketgan. Uning yonida bo‘lgan tengdoshlari S.M.ni qutqarishga urinishgan. Holatdan qo‘rqib qolgan o‘smirlar voqea joyidan qochib ketishgan.

“Aynan shu maktabda voqea sodir bo‘lishidan bir necha kun oldin o‘quvchilar o‘rtasida maktab jamoatchiligi, yoshlar tashkilotlari hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tuman bo‘limi vakillari bilan ta’qiqlangan suv havzalariga cho‘milmaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borilgan. O‘quvchilarning ota-onalaridan kafolat xatlari olinib, har bir o‘quvchisining qo‘liga ta’qiqlanganlik bo‘yicha targ‘ibot bukletlari berilgan”, — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi u holatdan, chamasi, bir soatlarcha keyin xabar topgan. Ushbu holarta FVBning g‘avvos-qutqaruvchilari, baliqchilar jalb etilgan. Kanal suvi hajmi juda yuqoriligi sababli bolani tirik qutqarib qolish imkoni bo‘lmagan. Qidiruv 10 iyun tongiga qadar davom etdi va shu kuni bolaning jasadi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan jalb etilgan baliqchilar to‘r xaltasi orqali topilgan.