Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahon sportida qator ahamiyatli voqealar sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

7 iyun kuni Latviyada xokkey bo‘yicha jahon chempionati yakuniga yetdi. Musobaqaning final bahsida Kanada Finlyandiyani overtaymda mag‘lubiyatga uchratdi. Bu orqali Kanada 2016 yildan buyon ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda kanadaliklar 27-maroataba jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lishdi.

Shu kuni Toshkentda qo‘l jangi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi VI Jahon chempionati yakunlandi. Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 30 ta medalni (8 ta oltin, 11 tadan kumush va bronza) qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

7 iyundan 8 iyunga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati-2022 saralashi 2-bosqichi doirasida oltinchi o‘yinini Singapur terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. O‘zbekiston terma jamoasi mazkur o‘yinda Singapur darvozasiga javobsiz 5ta to‘p kiritdi. Jaloliddin Masharipov dublga erishgan bo‘lsa, Eldor Shomurodov va Odil Ahmedov ham o‘z hisoblariga gol yozdirib qo‘yishdi. Shuningdek, Irfon Fandi avtogol sohibiga aylandi.

Havaskor boksda Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarov professional boksdagi navbatdagi jangini 26 iyun kuni AQShning Las-Vegas shahrida o‘tkazadi. Odatda birinchi yarimo‘rta vazn (63,5 kg) toifasida faoliyatini olib borgan Fazlidin (9−1, 5 KO) 26 iyun kuni AQShning Nevada shtati Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi.

Bokschining “Olamsport.com” nashriga xabar berishicha, G‘oibnazarov shu kuni yarimo‘rta vazn (66,7 kg) toifasida jang o‘tkazadi va uning raqibi mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan amerikalik Kuinton Rendell (8−0, 2 KO) bo‘ladi.

11 iyundan 11 iyulgacha Yevro-2020 musobaqasi bo‘lib o‘tadi. “Gazeta.uz” ushbu musobaqa formati, turnirdagi o‘yinlar taqvimi, futbol uchrashuvlari o‘tkaziladigan shaharlar haqida batafsil ma’lumot beradi.

11 iyun kuni Toshkent shahrida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Kechaning markaziy jangida o‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev tanzaniyalik Salimu Jengoga qarshi jang qildi. Shohjahon Ergashev tanzaniyalik raqibini texnik nokautga uchratdi. Salimu Jengo muvozanatdan chiqqanidan so‘ng referi jang yakunlanganini e’lon qildi. Bokschilarning bahsni davom ettirishni talab qilganiga qaramay qaror o‘zgarmadi.

11 iyundan 12 iyunga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati-2022 saralashi 2-bosqichi doirasida oltinchi o‘yinini Yaman terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. O‘zbekiston terma jamoasi mazkur o‘yinda Yaman terma jamoasiga bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona gol Jaloliddin Masharipov tomonidan penaltidan kiritildi. Ikkinchi bo‘limda esa Odil Ahmedov Yaman darvozasi tomon qo‘yilgan ikkinchi penaltini golga aylantira olmadi.

12 iyun kuni Yevropa chempionatining B guruhidan o‘rin olgan Daniya — Finlyandiya uchrashuvi Kristian Eriksenning o‘yin vaqtida hushidan ketib, maydonga yiqilishi sabab to‘xtatildi. Hozirda futbolchining ahvoli yaxshi, u o‘ziga kelgan. O‘yin esa ma’lum tanaffusdan keyin yana davom ettirildi. Ushbu bahsda Finlyandiya terma jamoasi 0:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Shuningdek, kecha tennis bo‘yicha “Rolan Garros"da ayollar o‘rtasidagi bahslar yakuniga yetdi. Musobaqa finalida chexiyalik Barbora Kreychikova rossiyalik Anastasiya Pavlyuchenkovaga qarshi kortga chiqdi. 1 soat 56 daqiqa davom etgan o‘yinda Kreychikova 6:1, 2:6, 6:4 hisoblarida g‘alaba qozondi va musobaqa g‘olibasiga aylandi. Ushbu g‘alaba orqali chexiyalik tennischi 1, 690, 000 AQSh dollari va 2000 reyting ochkosi ishlab oldi. Bu Kreychikova uchun “Katta Dubulg‘a” musobaqalaridagi ilk sovrin bo‘ldi.