«Tolibon» harakati Turkiyadan NATOga a’zo boshqa mamlakatlar qatorida o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi. Bu haqda harakat vakili Sohayl Shahinning so‘zlariga tayanib, «TASS» xabar berdi.

«Biz AQSh bilan 2020 yilning 29 fevralida imzolagan kelishuvga muvofiq, Turkiya NATO a’zosi sifatida Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi lozim. Turkiya musulmon davlat, Afg‘oniston u bilan tarixiy aloqalarga ega. Kelajakda mamlakatimizda yangi Islomiy hukumat tashkil etilgandan so‘ng Turkiya bilan yaqin va yaxshi munosabatda bo‘lishga umid qilamiz», — deya Shahinning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TOLO News.

«Tolibon» NATO askarlari Afg‘onistonni tark etishi ortidan Turkiyaning Kobul aeroportini o‘z qurolli kuchlari bilan muhofaza qilish to‘g‘risidagi taklifiga shu tarzda munosabat bildirdi.

Reuters маълuмотига ko‘ra, NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlarining may oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish rejasini muhokama qilgan vaqtda, Anqara Vashingtonga ushbu taklifini bildirgan. Turkiyaning mazkur taklifiga oid munozaralarni kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti chog‘ida davom ettirish reja qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, 14 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlangani, ushbu jarayon joriy yil 11 sentyabrga qadar yakunlanishini e’lon qilgandi.

Donald Trapm boshchiligidagi avvalgi ma’muriyati 2020 yilning fevralida Dohada «Tolibon» harakati bilan imzolagan tinchlik bitimiga ko‘ra, Vashington 2021 yilning 1 mayiga qadar o‘zi va ittifoqdoshlarining qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqishi kerak edi. Erishilgan kelishuvlardan bu tarzda chetlashish toliblar tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi, bu holatda ular o‘zlarini Doha shartnomasi bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlardan qariyb, ozod deb hisoblashini bildirgan.

May oyida AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shin va harbiy texnikani Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilingan edi.